“Tahsin – 2021” milliy mukofotiga kimlar erishdi?
Poytaxtimizda O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yoshlar oyligi” doirasida «Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik» shiori ostida yurtimizning eng ilg‘or yoshlarini «Tahsin – 2021” milliy mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda bilimli va iste’dodli yigit-qizlarni aniqlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. “Tahsin” milliy mukofoti ham ilm-fan, sport, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniyat, innovatsiyalar, tibbiyot kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan, o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, yetakchilik qobiliyatiga ega ijtimoiy faol, ijodkor va tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan.
O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi sabab yurtimizda joriy etilgan karantin tufayli ushbu tadbir tashkil etilmadi. Ammo bu yilgi “Tahsin” milliy mukofotini topshirish marosimi yoshlar uchun chinakam esda qolarli voqeaga aylandi. Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, u xorijdagi GQ, «Oskar», Forbes va shu kabi boshqa yirik mukofotlarning eng yaxshi an’analari formatida tashkil etildi. G‘olib va nominantlar
qizil yo‘lakcha bo‘ylab yurib keldi, g‘oliblarga mukofotni qo‘lga kiritgandagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashish uchun so‘z berildi.
“Tahsin – 2021” milliy mukofotining turli yo‘nalishlarida quyidagi yoshlar g‘olib, deb topildi: Jumladan, Muhammadali Eshonqulov, Shahzod Bahodirov, Nodirbek Abdusattorov, Sabina Toshkenboyeva, Nigina O‘ktamova, Miyasar Dauletbayeva, Ahror baxshi Xushvaqtov, Javlonbek Jovliyev, Saida Rashidova, Tillaniso Eshboyeva, Sa’dulla Quronov, Hojiakbar Ibragimov, Farruh Murodov, Nargiza Kuvanova, Rasul Jumayev, Firdavs Sobirov, Temurbek Adhamov.
Shuningdek, “Zakovat”, “Ezgu amal”, “IMAN”, “Mehr orolni qutqaradi”, “Metsenat” loyihalari, “Mehr” operatsiyasi, Xotira roligi, ARMI ayollar jamoasi hamda ommaviy axborot vositalaridan ham munosib nomzodlar mukofotga sazovor bo‘ldi.
[gallery-2948]
– Mamlakatimizda mehnat va harakat qilgan hech bir soha vakilining yutuqlari e’tibordan qolmaydi, – dedi Saida Rashidova. – “Tahsin – 2021” milliy mukofoti ham biz kabi yoshlarning samarali ishlarimiz uchun munosib tuhfa bo‘ldi. Men bu mukofotni ayollar, qizlar va yosh onalar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatganim va bu jarayonda ko‘plab muvaffaqiyatga erishganim uchun oldim. Mukofotdan olgan motivatsiyam kelajak rejalarimning yanada kengayishiga sabab bo‘ldi. Xususan, kitobxon ayollarimiz safini kengaytirishga bundan-da ko‘proq g‘oyalarni o‘ylab topib, bu yo‘lda yanada ko‘proq harakat qilmoqchiman.
–– Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lish boshqa sport turlariga qaraganda juda qiyin, – dedi Nodirbek Abdusattorov. – Mehnatlarim qadrlanib, bu mukofotga munosib ko‘rilganimdan juda xursandman. Bundan olgan ishtiyoqim keyingi g‘alabalarimga erishishimda yana bir motivatsiya bo‘ladi. Jumladan, sanoqli kunlardan keyin Rossiyaning Sochi shahrida shaxmat bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Chempionatda yurtimning menga bildirgan ishonchini oqlashga bor kuchim bilan kurashaman.
Tadbir doirasida mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishda yoshlarimizga namuna bo‘layotgan davlat va jamoat arboblari mukofot sohiblarini tabrikladi. Elimiz suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarda xush kayfiyat bag‘ishladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA