Tahlil: ko‘chmas mulk bozorida nima o‘zgardi?
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshdi. Ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 15,8 foizga, xususan, poytaxtda 22,7 foizga oshdi. Shu bilan birga, kvartirani ijaraga berish bozoridagi vaziyat avvalgi muvozanat darajasiga qaytmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, noyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori oktyabr oyidagi bir oz pasayishdan keyin xaridorlarni qayta jalb qildi. Shunday qilib, bir oy ichida respublikada ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan oyga nisbatan 7,8 foizga oshdi.
Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda – 38 foiz, Navoiy viloyatida – 24 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 23 foiz qayd etildi.
Yil boshidan buyon o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uy-joy savdosining o‘sishi 9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan ko‘chmas mulk bozoridagi shartnomalar soni 8,1 foizga oshdi.
Ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘zgarishi
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2022 yil 1 noyabrda boshlangan ipoteka kreditlaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha kengaytirilgan dastur ko‘chmas mulk bozoridagi faollik va talabni rag‘batlantirmoqda.
Xususan, tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan uy-joylar uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berildi. Uy-joylar uchun dastlabki badalning va ipoteka krediti bo‘yicha foizlarning bir qismini subsidiya olish orqali qoplash mumkin. Bundan tashqari, 2021 yilda ipoteka kreditlarini ajratishning maqsadli parametrlari doirasida berilgan subsidiyalarni ajratish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati yil oxirigacha uzaytirildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining o‘zgarishi
Kuzning so‘nggi oyida poytaxtda ijara narxlarining pasayishi qayd etildi. Oktyabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8 foizga kamaydi. Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35 foizdan oshdi va 1 kvadrat metr uchun deyarli 10 dollararni tashkil etdi.
1 kv.m uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur (13,2 dollar), Mirobod (12,3 dollar) va Yakkasaroy (12,2 dollar) tumanlarida qayd etildi. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa (8,1 dollar), Sergeli (7,2 dollar) va Bektemir (6 dollar) tumanlarida qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi faollik
O‘tgan oyda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9 foizga oshdi (iyul oyida – 2,5 foiz, avgust oyida – 0,5 foiz, sentyabr oyida – 1,1 foiz, oktyabr oyida – 2,3 foiz).
Yil boshidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joylarning tez o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, respublikada 1 kv.m uchun uy-joy narxi 15,8 foizga oshdi.
Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent shahrida – 22,9 foiz, Navoiy – 22 foiz va Toshkent viloyati – 22,7 foiz kuzatildi.
Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4 foizga qimmatlashdi (iyul oyida – 2,4 foiz, avgust oyida – 1,4 foiz, sentyabr oyida – 1,7 foiz, oktyabr oyida – 4,6 foiz).
Narxlarning eng yuqori o‘sishi poytaxtning Bektemir – 12 foiz, Mirobod – 5 foiz va Yunusobod – 4 foiz tumanlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida va hududlar ma’muriy markazlarida ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘zgarishi (1 kv.m uchun AQSH dollararida)
O‘zA