Tadbirkorning murojaati ijobiy yechim topdi
Namangan viloyati adliya idoralari tomonidan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning murojaatlarini ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Chortoq tumani adliya bo‘limi fuqaro Orifjon Ummatovning buzilgan mulkiy huquqlarini tiklashga doir murojaati o‘rganib chiqilib, ijobiy hal etildi.
Ushbu murojaatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, fuqaro 2016 yil 10 iyundagi oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra, Chortoq tumanida joylashgan umumiy yer maydonining 214,1 kvadrat metrni tashkil qiluvchi choyxona bino-inshootlarini sotib olgan va ushbu ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, bu haqida 2016 yil noyabr oyida guvohnoma berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimining 2019 yilda qabul qilingan MCHJ hududida zamonaviy arxitektura talablariga mos kelmaydigan savdo do‘konlari hamda bino-inshootlarni buzish, ularning o‘rnida zamonaviy savdo kompleksi qurilishiga ruxsat berish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, tadbirkorga tegishli bo‘lgan choyxona bino-inshootlari hokimlik tomonidan buzib yuborilgan. Fuqaroga xususiy mulk huquqi asosida qarashli bo‘lgan va buzib tashlangan ob’ektining o‘rniga kompensatsiya sifatida boshqa joydan yer maydoni ajratib berilmagan, bino-inshootlarning bozor qiymati hozirgi kunga qadar qoplanmagan.
– Tadbirkor tomonidan yer maydoni ajratib berish va binolarni qiymatini qoplab berish to‘g‘risida hokimlikka murojaat qilingan, – deydi Chortoq tumani adliya bo‘lim boshlig‘i Ahrorbek Fayzullayev. – Baholovchi tomonidan fuqaroga tegishli choyxona hamda yer maydonining 2024 yil 2 iyuldagi bozor qiymatini aniqlash bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, bino-inshootning qiymati 440 million 634 ming 808 so‘mni tashkil etishi belgilangan.
Biroq hokimlik qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan talablarni birortasiga rioya qilmagan, amaldagi qonun talablarini qo‘pol ravishda buzib, fuqaroga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mulkni noqonuniy buzdirib tashlangan, o‘rniga kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirmagan.
Adliya aralashuvi natijasida, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga xususiy mulk asosida tegishli bo‘lgan va buzib tashlangan choyxonani baholovchining hisobotiga muvofiq, bozor qiymati – 440 million 634 ming 808 so‘m kompensatsiya to‘lovlarini tadbirkor foydasiga undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritilib, da’vo qanoatlantirilishiga erishildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA