Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – taraqqiyot asosi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida joylarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
“Solis” o‘simlik moyi ishlab chiqarish korxonasi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Aziza Aminova, Galiya Rayxanova, Navbahor tuman hokimi Alisher Rashidov, fermerlar kengashi xodimlari, fermerlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi “2026-yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorni bug‘doy bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida ham so‘z yuritildi.

– Mazkur qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining O‘zbekiston fermerlari kengashining 2026-yil hosili uchun davlat resursiga 3-sinf bug‘doyning bir tonnasini 3,2 million so‘mdan qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi, – deydi “Aslonbobo” fermer xo‘jaligi raisi Hasan Rustamov. – Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimlarining 2026-yil hosilidan jami 3 ming 50 tonna, shundan bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan 1 ming 300 tonna bug‘doyni keyinchalik birja savdolari orqali sotish uchun qabul qilish hamda 1 ming 500 tonna tovar bug‘doyni davlat resursi sifatida va 250 ming tonnasini urug‘lik uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanganligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari uchun ayni muddao bo‘ldi. Uchrashuvda g‘alla yetishtirish maqsadida olingan kredit mablag‘larini belgilangan muddatlarda qaytarish, birja orqali sotib olingan dizel yoqilg‘isining bir qismini qaytarish tartiblari, quyosh paneli o‘rnatilishida berilayotgan imtiyozlar misollar bilan tushuntirib berildi.
Uchrashuvda fermer xo‘jaliklari raislari amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi so‘nggi yangiliklar, fermerlar uchun yaratilgan yangi imkoniyat va imtiyozlar, yerdan samarali foydalanish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbirda kredit mablag‘laridan foydalanish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, soliq va bojxona tartib-taomillari, eksport faoliyatini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga oid takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri