Tadbirkorlik va taraqqiyot
Bosh qomusimizda belgilangan huquqlardan foydalanib, o‘z mulkimga ega bo‘ldim. Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori meni ham mulkdor bo‘lishga, o‘z biznesimni tashkil etib, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilish imkoniyatini berdi.
Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 36-moddasidan.
Bosh qomusimizda belgilangan huquqlardan foydalanib, o‘z mulkimga ega bo‘ldim. Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori meni ham mulkdor bo‘lishga, o‘z biznesimni tashkil etib, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida mehnat qilish imkoniyatini berdi.
Sobiq tuzum davrida jamiyat a’zolari mulkka egalik huquqidan mahrum edi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish man etilgan va bu ishga qo‘l urganlar chayqovchi, yot unsur sifatida jinoiy javobgarlikka tortilgan. Mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, barchasi o‘zgardi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, el-yurtga naf keltiraman, degan ishbilarmonlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
Tadbirkorlik rivoji yo‘lida yaratilgan keng imtiyoz va preferensiyalar biz kabi yosh ishbilarmonlarga o‘z biznesini erkin olib borish, yangi ishlab chiqarish hamda xizmatlarni o‘zlashtirish, ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘ldi. Unda ishbilarmonlik muhiti hamda biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan qator o‘zgartish va qo‘shimchalar nazarda tutilgan. Bu biz, tadbirkorlarni yanada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda.
2006-yilda tashkil etilgan korxonamizda ilg‘or texnologiyalar asosida bo‘yoqlarning sifatini oshiruvchi qo‘shimcha mahsulotlar hamda lok-bo‘yoqlar ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yillar mobaynida olib borilgan izlanishlar natijasida temir konstruksiyalar chirishining oldini oluvchi mahsulot tayyorlashga erishdik. Agar ilgari bu kabi mahsulotlar chetdan keltirilganini inobatga olsak, biz qilayotgan ishning ahamiyati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.
Mahsulotlarimiz yuqori sifati, xalqaro talablarga javob berishi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ichki bozorga 200 million so‘mlikdan ziyod mahsulot yetkazib berdik.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida sovrindorlar qatoridan joy olayotganimiz ish yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Bu kuchimizga kuch, g‘ayratimizga g‘ayrat qo‘shadi. Kelgusida qo‘shimcha tarmoqlarni yo‘lga qo‘yishni, yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilganmiz.
Abduqunduz Yunusov,
Farg‘ona shahridagi “Far antikor invest”
xususiy korxonasi rahbari.