Tadbirkorlik va aholi farovonligi – ustuvor vazifa
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli va Bo‘zatov tumanlariga amalga oshirgan xizmat safari davomida hududlarning ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishi, aholi turmush darajasini yuksaltirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat dasturlari ijrosi keng qamrovda o‘rganildi.
Dastlab deputat Kegeyli tumanidagi “Obod” hamda “Jalpaq jap” ovul fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, “Mahalla yettiligi” a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotlarda mahallalarda olib borilayotgan islohotlar, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, aholi bandligini ta’minlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining o‘zaro hamkorligi tahlil qilinib, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Xizmat safari Bo‘zatov tumanida ham davom ettirildi. Deputat “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda investitsiya loyihalari ijrosi bilan yaqindan tanishdi. Mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlarda hududni kompleks rivojlantirish, aholi murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish va davlat dasturlarining samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Deputat hududdagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, “Suliwxan-Sultanbek” savdo shoxobchasi faoliyati bilan tanishilib, yaratilgan ish o‘rinlari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati hamda biznesni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Davlat tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanish, yangi loyihalarni amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar faoliyati o‘rganilib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, faoliyat ko‘lamini kengaytirish hamda aholi bandligini yanada oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Xizmat safari doirasida chorvachilik tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar ham joyiga chiqib o‘rganildi. Chorvadorlar bilan uchrashuvlarda nasldor chorva sonini ko‘paytirish, mahsuldorlikni oshirish, veterinariya xizmatlarini takomillashtirish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, chorvachilikni rivojlantirish nafaqat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishda ham muhim omil hisoblanadi.

Hududlarda o‘tkazilgan barcha uchrashuv va monitoringlar davomida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaat hamda takliflar atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi. Aniqlangan muammolarni bartaraf etish, aholi bandligini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va mahallalar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Xalq bilan ochiq muloqot qilish, hududlardagi mavjud muammolarni joyida o‘rganish va ularning yechimini ta’minlash deputatlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi. Amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotdagi natijadorligini ta’minlash, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish hamda hududlarni barqaror rivojlantirishga qaratilgan ishlar deputatlik nazorati asosida izchil davom ettiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri