Tadbirkorlik subyektlari soni ortmoqda
Andijon viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan soʻnggi 40 kunda 3 ming 701 ta yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtkazildi.
Andijon viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan soʻnggi 40 kunda 3 ming 701 ta yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtkazildi. Shuningdek, keyingi bir necha kun ichida karantin davrida faoliyatini toʻxtatgan 2 ming 300 ta tadbirkor faoliyatini qayta boshladi.
Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilishi munosabati bilan 25-martdan buyon viloyatdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlari elektron shaklda “my.gov.uz” portali orqali onlayn tarzda va faqat kechiktirib boʻlmaydigan holatlardagina xodimlarning navbatchiligi asosida idoralarda amalga oshirilmoqda.
– Davlat xizmatlari markazlariga soʻnggi 40 kun mobaynida fuqarolardan turli masalalar yuzasidan 50 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilingan, – deydi DXA viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdurahmon Alimov. – Ayrim fuqarolarga tegishli tartibda tushunchalar berilayotgan boʻlsa, aksariyat yurtdoshlarimizning ishlari muhimligi hisobga olinib, karantin va infeksiya yuqishi hamda tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblarga amal qilingan holda ularga zarur xizmatlar koʻrsatilmoqda.
Ana shu davr mobaynida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 3 ming 701 ta yangi tadbirkorlik subyekti roʻyxatdan oʻtkazildi. Ularning 2 ming 535 tasi yakka tartibdagi tadbirkordir. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan karantin talablarini yumshatish boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan dastlabki chora-tadbirlar eʼlon qilinganidan hamda viloyat hokimining karantin sababli toʻxtab qolgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan qilgan videomurojaatidan soʻng faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan 11 mingga yaqin tadbirkorlik subyektidan 2 ming 300 tasi faoliyatini tiklash boʻyicha murojaat qildi. Ularga belgilangan tartiblar doirasida tadbirkorlik guvohnomalari rasmiylashtirilib berildi.
Murojaatlarning asosiy qismini sudlanmaganlik, nomida uy-joy mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar olish, kadastr, tadbirkorlik subyektini roʻyxatdan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish singari xizmatlar tashkil etmoqda.