Tadbirkorlik muvaffaqiyat kaliti
Navoiy shahridagi “Zarafshan Golden Group” - “ZGG” kompaniyasi majlislar zalida “Zamon bilan hamnafas” kitob-albomining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kitob-albom “Zarafshan Golden Group” kompaniyasining 30 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda kompaniyaning tarixi, erishilgan yutuqlari, ishlab chiqarishga joriy etilayotgan eng so‘nggi texnologiyalar, ijtimoiy, xizmat ko‘rsatish hamda turli sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida hikoya qiluvchi foto suratlar o‘rin olgan.
– Tadbirkorlik bu tanlash erkinligi, yangi ko‘nikmalar va o‘zgargan tafakkur, o‘z qo‘lingiz bilan muvaffaqiyatlar eshigini ochish demakdir, – deydi “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ulug‘bek Fayziyev. – Rivojlangan davlatlar tajribasida ko‘rish mumkinki, bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodrog‘ini tashkil etib, mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortig‘i mazkur sohada ish bilan band. Yurtimizda ham tadbirkorlik va kichik biznesni yanada rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Eng muhimi, nafaqat tadbirkorlik, balki barcha sohalarda yaratib berilayotgan imkoniyatlar xalqimizning ertaga emas, bugun yaxshi yashashi uchun muhim asos bo‘lmoqda.
[gallery-18531]
Bugungi kunda “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi yurtimizda xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va qurilish faoliyati bilan shug‘ullanadigan eng yetakchi kompaniyalaridan biriga aylangan. Ayni paytda kompaniya tarkibida 20 ga yaqin ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari bo‘lib, ularda 2 ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilmoqda.
– Mazkur kitob-albom besh yil davomida tayyorlandi, – deydi mas’ul muharrir Azamat Zaripov. – Kitob-albom avvalida Navoiy shahrining bugungi ko‘rinishi, mavjud muqaddas qadamjolar, diqqatga sazovor joylar fotosuratlari o‘rin olgan bo‘lsa, “Zarafshan Golden Group” kompaniyasining asoslari va ustuvor yo‘nalishlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari hamda ularda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar foto suratlariga keng o‘rin ajratilgan. Har bir yo‘nalish fotosuratlari oldidan qisqacha ma’lumot o‘zbek, ingliz va rus tillarida berilgan.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar kompaniya faoliyati haqida so‘zlovchi muzeyda bo‘lib, mavjud eksponatlar va fotosuratlar tarixi bilan yaqindan tanishdi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari