Tadbirkorlik: imkoniyat, imtiyoz va samara
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil ikkinchi bor tashkil etilgan muloqotni Toshkent viloyati tadbirkorlari ham katta qiziqish bilan qarshi oldi.
Chirchiq shahrida tashkil etilgan studiyada viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev boshchiligida hududdagi faol biznes vakillari va mas’ullar jam bo‘ldi.
Mazkur tadbir oldidan hududdagi tadbirkorlar murojaatlari bo‘yicha maxsus shtab tashkil qilinib, kelib tushgan 849 ta murojaatlardan 645 tasi ijobiy hal etildi. Haftaning har shanba kuni viloyat Xalq qabulxonasida o‘tkazilayotgan Toshkent viloyati hokimining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgacha o‘tkazilgan uchrashuvlarda 753 ta masalalar ko‘tarilgan, ularning 88 foizi (663 ta) hal qilingan, qolgan 90 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 19 avgustdagi farmoyishi bilan mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishda hissa qo‘shayotgan bir guruh tadbirkorlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ular safida ilk bor viloyatdan salohiyatli 7 nafar ilg‘or tadbirkorlar taqdirlandi, bundan tashqari, viloyatdagi 22 ta tadbirkorlarga faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Hozirgi kunda ular tomonidan qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, energetika, chorvachilik va boshqa ko‘plab tarmoqlarda yuqori natijalarga erishilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt mobaynida valyutani liberallashuvi, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini tartibga solinishi, xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarining o‘rnatilishi kabi bir qator imkoniyatlar tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga imkon yaratdi. Viloyatda joriy yil 30 dan ortiq xorijiy hamkor davlatlar ishtirokidagi 100 dan ortiq investorlar tomonidan 600 million dollar xorijiy investitsiya kiritilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun bir qancha ustuvor vazifalar belgilanmoqda, qaror va qonunlar ishlab chiqilmoqda, yangi tizimlar yaratilmoqda, byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda, ruxsatnoma va litsenziyalash belgilangan faoliyat turlari qisqartirilib tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish soddalashtirildi.

– Hozir viloyatda 47 ming 226 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Jumayev. – Shu yilning o‘tgan davrida 4 ming 104 ta yangi tadbirkorlik sub’ektlari ish boshladi. 12 ming 312 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xususan, joylarda 1 ming 482 ta savdo va umumovqatlanish, 1 ming 378 ta xizmat ko‘rsatish, 5 ta qurilish, 17 ta qishloq xo‘jaligi va 1 ming 222 ta boshqa yo‘nalishdagi korxonalar foydalanishga topshirildi. Yil yakuniga qadar yana 6 mingdan ziyod yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilib, jami 10 ming 500 taga yetkaziladi.
– Ko‘p yillik mehnatlarimiz e’tirof etilib “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga loyiq ko‘rilganimdan xursandman, – deydi Chirchiq shahridagi “Tashpulat Stroy Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Sayyora Ergasheva. – Bu rag‘bat ishimizga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirdi. Prezidentimiz bu gal ham biz tadbirkorlarga faoliyatimizni rivojlantirish, aholi daromadini oshirish borasida ko‘plab qulayliklar joriy qilinishi haqida bergan takliflaridan xursand bo‘ldim. Ayniqsa, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi. Ularning har biri iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud muammolarga yechim bo‘ladi. Ayniqsa, bank-moliya, soliq, yer-kadastr kabi turli sohalariga oid takliflar o‘rinli bo‘ldi. O‘zim tashkil qilgan korxona misolida shuni ayta olamanki, bundan keyin ham faol tadbirkor bo‘lishga harakat qilaman.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Toshkent viloyati bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 43 trillion so‘mni tashkil etib, uning 45,1 foizi kichik biznes vakillari tomonidan ishlab chiqarildi. Viloyatning jami eksporti tarkibida kichik biznesning ulushi 25 foizga yetdi. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarilgan yangi turdagi mahsulotlarni ommaga tanitish, yangi bozorlarni izlab topish bo‘yicha har yili hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari o‘tkaziladi. Jumladan, joriy yilning 4-5 avgust kunlari viloyatda tashkil etilgan sanoat yarmarkasida 1 ming 932 ta (shundan 383 tasi yoki 20 foiz mahsuloti bilan) mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi. Ular tomonidan 2 ming 254 turdagi sanoat mahsulotlari namoyish qilindi. Yarmarka yakuni bilan yirik tarmoq hamda hududiy korxonalar tomonidan qiymati 521,9 milliard so‘mlik 859 ta shartnoma va 99,2 milliard so‘mga teng 30 ta memorandum imzolandi.
Umuman olganda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida hududda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami ortmoqda. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki xorij bozorlarda ham o‘z o‘rnini topmoqda.
A.Musayev,O‘zA.