Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash yuzasidan muloqot
Biznes-ombudsman tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va nazorat tizimini isloh qilish doirasida tekshiruvlarni soddalashtirish va profilaktika tadbirlarining shaffofligini oshirishga bag‘ishlangan seminar-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Turizm qo‘mitasi xodimlari ishtirok etgan tadbirda tadbirkorlar faoliyatini tekshirish tartibi, tekshiruvlarni qonunchilikka muvofiq o‘tkazish va ularning natijalari bo‘yicha atroflicha tushuntirish berildi.
Tadbirda qayd etilganidek, davlat nazoratida jazolash emas, balki tadbirkorlarning qonuniy faoliyatiga ko‘maklashish va xavfni tahlil qilish tizimini joriy etish masalalarini kuchaytirish lozim.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda asosiy e’tibor tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar va yangi tartib-taomillar haqida xabardorlikni oshirishga qaratildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda joriy yil 17-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari doirasida nazorat qiluvchi organlar xodimlarining mas’uliyati va malakasini oshirishga alohida urg‘u berildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga sohadagi mavjud imtiyozlar hamda qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar batafsil tushuntirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA