Tadbirkorlarning muammolari tinglanib, ularga yechim topildi
Poytaxtimizda go‘sht, sut va tuxum yetishtiruvchi tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni muhokama qilish va ushbu mahsulotlarni tannarxini tushirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Ushbu tadbir chorvachilik va parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish hamda muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Zoom konferensiya orqali Savdo-sanoat palatasining 14 ta hududiy boshqarmalaridan 150 ga yaqin ushbu sohadagi tadbirkorlar qatnashdi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz rahbariyatining aholini rozi qilishga qaratilgan izchil ijtimoiy siyosati tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishi kuzatilmayapti. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bozor mexanizmlarining barqaror ishlashiga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki go‘sht, sut, tuxum kabi mahsulotlar aholining kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi chorvachilikda ham hosildorlikni oshirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida innovatsiyalar joriy etilmoqda.

Shuningdek, respublikada xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan veterinariya, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha to‘qqizta loyiha amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlar bilan ushbu sohadagi muammolarni ochiq muhokama qilish va konstruktiv yechimlarni izlash uchun platforma yaratishdan iborat.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan elektr tizimidagi uzilishlar, eksport qilish jarayonida duch kelayotgan muammolar, fermer xo‘jaliklari, chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarning klaster tizimiga o‘tish jarayonida yuzaga kelgan muammo va kamchiliklar haqida ma’lumot berdi.

– Hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, ularni qayta ishlash bo‘yicha ishlaymiz, – deydi tadbirkor Umid Mamadaminov. – Shu bilan birga, chorvachilik yo‘nalishida ham loyihalarni boshlaganmiz. Forish tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida ozuqa yetishtirishni yo‘lga qo‘yganmiz. bugungi uchrashuvda ozuqa yetishtirish bo‘yicha tizimda uchrayotgan muammolar aytildi. Ularni yechimlari bo‘yicha tadbirkorlarning takliflari ham tinglandi. Masalan, men ham o‘z taklifimni bildirdim. Ya’ni, tadbirkor lalmi yerlarni o‘zlashtirgan holda zamonaviy suvni tejovchi, yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan holda ozuqa yetishtiraman, desa biroz qiyinchilikka duch keladi. Ana shunday vaqtda infrastruktura masalasida, elektr ta’minoti, burg‘ulash ishlarida davlat-xususiy sherikchilik tashkil qilinsa, davlat ham o‘z o‘rnida shu tomondan yordam bersa, tadbirkor ham zamonaviy texnologiyalarni olib kelgan holda arzon va sifatli ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarishi oson bo‘ladi.
Tadbir so‘ngida aniqlangan muammolar yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlaridan takliflar tahlil qilindi. Муаммоларнинг aksariyati tadbir davomida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etildi, ayrim masalalar bo‘yicha esa topshiriqlar berildi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA