Tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda
Bojxona qo‘mitasi Markaziy apparati tarkibiy tuzilma boshliqlari hududlarga chiqib, turli bojxona postlari va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning muammolarini o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Jumladan, qo‘mitaning Tashkiliy-nazorat, xizmat faoliyatini tahlil qilish va baholash boshqarmasi boshlig‘i A.Asomov Navoiy viloyatida bo‘ldi. Bojxona boshqarmasi boshlig‘i D.Yusupov bilan birga “Navoiy aeroporti” chegara bojxona postining “Kargo” yuk terminali, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi hamda Xatirchi tumanida joylashgan korxonalar faoliyati va ularning muammolari o‘rganildi.

Dastlab mutasaddilar “Telecom Devices Pro” MCHJ va “HP INVEST CORM” MCHJ korxonalarida bo‘lib, mahsulotni ishlab chiqarish jarayonining borishi, ularni eksportga tayyorlash bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘rganish davomida korxonalar vakillariga Prezidentimizning 2022 yil 25 apreldagi “Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimi qo‘llanilishini soddalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni bilan xorijdan import qilinadigan xomashyo va materiallarni qayta ishlash istagida bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilgan qulayliklar, tovarlarni “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtirish tartibi, ushbu xizmatdan foydalanilganda bojxona to‘lovlari undirilmasligi va iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmasligi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

“HP INVEST CORM” MCHJ tashqi savdo operatsiyalari hajmi bo‘yicha Xatirchi tumanida yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, korxona hududida ochiq turdagi bojxona omborini ochish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Korxona rahbari bilan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi “Vakolatli iqtisodiy operatorlar to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” gi va 2020 yil 9 apreldagi “Bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorlarida belgilangan talablarni bajarish orqali “vakolatli iqtisodiy operator” maqomini olgan holda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda soddalashtirilgan tartibdan foydalanish, shuningdek, tumanda faoliyat olib boruvchi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun zarur bo‘lgan ochiq turdagi bojxona omborini ochish bo‘yicha yo‘nalishlar berildi.

Bundan tashqari, A.Asomov “Navoiy” xalqaro aeroportining yuk terminalida kurerlik tashkilotlari tomonidan fuqarolar nomiga olib kelinayotgan jo‘natmalarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayonida ham bevosita ishtirok etib, tadbirkorlarning muammo va takliflarini o‘rgandi. Mazkur masalalarni hal qilish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.

A.Bo‘riyev, O‘zA