Tadbirkorlar muammolari o‘rganilmoqda
Davlatimiz rahbarining "Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilinishi munosabati bilan, hududlarda tadbirkorlik faoliyatidagi tekshiruvlarni tartibga solish, nazorat organlarining faoliyatiga aralashuvini tubdan qisqartirish bo‘yicha huquqiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida tadbirkorlarni majburiy talablar bilan tanishtirish maqsadida seminar-trening tashkil etildi.

Samarqand viloyatida farmon ijrosi yuzasidan hududiy boshqarma xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan seminar tashkil etildi. Seminarda tekshirishlar bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy o‘zgarishlar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Farg‘ona viloyatida ham bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, tumanlarda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, ularga qonunchilikdagi yangiliklar, soliq siyosati, biznes rivoji uchun imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, Buvayda tumanida tadbirkorlar uchun maxsus seminar-trening tashkil etildi.

Buxoro viloyatida tadbirkorlarning muammolari tinglanib, huquqiy maslahatlar berildi.
Navoiy viloyatida ham farmonning mazmun-mohiyati bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi. Shu bilan birga, transport nazorati va boshqaruvi sohasidagi qonunchilik hujjatlarining qo‘llanilishi bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi.

Sirdaryo viloyatida tadbirkorlar va bojxona brokerlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda bojxona sohasidagi qonunchilik o‘zgarishlari, yangi tartiblar bo‘yicha ma’lumot berildi. Tadbirkorlarning bojxona rasmiylashtiruvidagi muammolari tinglandi.
Andijon viloyati Marhamat tumanida aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Mikroloyihalar taqdimoti o‘tkazilib, tadbirkorlar imtiyozli kredit va qo‘shimcha imkoniyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi.
Xulosa qilib aytganda, Biznes-ombudsman devoni tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy ko‘mak berish va muammolarini hal etishda faol ishtirok etib, mamlakatda sog‘lom biznes muhitini yaratishga katta hissa qo‘shmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA