Tadbirkorlar manfaati ishonchli himoya qilinmoqda
Yurtimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va ularga turli imtiyozlar berish hamda shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hattoki, bu mezon Bosh qomusimizda ham alohida belgilab qo‘yilgan.
Navoiy viloyat sudi sudyasi Sabit Jakeyev muxbirimizga tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:
– Konstitutsiyamizning 67-moddasida davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga hamda o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Albatta, keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida xususiy mulkni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.
Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik hamda xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Jinoyat kodeksi yangi modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik, talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
“Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan sud tizimida “yagona darcha” prinsipini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar, qabul qilishga va vakolatli sudga yuborishga hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimi joriy etilishi belgilandi.
2022 yilning 13 aprelidan qonuniy kuchga kirgan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolgan korxonalarga o‘z faoliyatini qayta tashkil etish va to‘lov qobiliyatini tiklashga imkon berish orqali iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazadi.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi iqtisodiy jihatdan tang ahvolga kelgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatib yuborish emas, balki ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish, shu bilan birga, sohada vujudga kelayotgan yangi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Statistik tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda jami 237 ta korxona bankrot deb topilgan bo‘lib, 147 ta yoki 62 foizi tugatilgan, 106 ta yoki 44,7 foizi bo‘yicha tugatish jarayoni davom etmoqda.
Endi esa qonun bilan korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida to‘lovga qobiliyatsizlik vaqtinchalik va doimiy turlarga ajratilmoqda.
Endilikda korxonaga nisbatan sog‘lomlashtirish taomillarini qo‘llashni rag‘batlantirish maqsadida mazkur jarayonda joriy soliq to‘lovlarini to‘xtatib turish, tijorat banklari va moliya institutlaridan kreditlarni jalb etish, qarzdorlik qisman qoplanganda korxona faoliyatini kreditorlar roziligi bilan tiklash bo‘yicha normalar kiritildi.
Tadbirkorlarning sud tizimiga ishonchi ortishini Navoiy viloyatidagi iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar misolida ham ko‘rsa bo‘ladi. 2023 yilning 8 oyida tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi vujudga kelgan nizolar bilan bog‘liq 6 220 ta iqtisodiy ishlar ko‘rib chiqilgan. Shundan, 1120 ta iqtisodiy ish kichik biznes sub’ektlari o‘rtasida vujudga kelgan. Ushbu davrda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha 394 milliard 824 million so‘m undirish belgilandi.Shu bilan bir qatorda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni qabul qilindi va unda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish kabi vazifalar qo‘yildi.
Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.