Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish va sud jarayonlarini soddalashtirish vazifasi qo‘yildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Tadbirkorlarning masalalarini sudda ko‘rishni tez va samarali tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.
Ular kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish cho‘zilayotganini aytmoqda. Dalillar yetarli bo‘lgan ishlar bo‘yicha jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi qayd etildi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligi Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini eshitib, masalalariga yechim topishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Oktyabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish, ularni kamaytirish va sud jarayoni bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi.
Bir oyda protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
O‘zA