Tadbirkorlar huquqining mustahkam kafolati
O‘zbekiston Liberal-demokratik pariyasining referendum tashviqotiga bag‘ishlangan navbatdagi event-tadbirlari Samarqand viloyatida o‘tkazildi.
Samarqand, Toyloq, Ishtixon tumanlarida “Insonga farovonlik, jamiyatga erkinlik, davlatga mas’uliyat!” shiori ostida tashkil etilgan tashviqot tadbirlarida tadbirkor va fermerlar, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi. Jumladan, Samarqand tumanidagi “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligida va Toyloq tumanidagi “Siyob Shavkat Orzu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan tadbirlarda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov, Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev, parlament quyi palatasi deputatlari Navro‘z Rizayev, G‘ayrat Abdiyev yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.


Konstitutsiyaviy islohot fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilishi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga puxta zamin yaratishi qayd etildi. Jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga mutanosib holda yaratilayotgan Bosh Qomusimiz ertangi yanada osuda, obod va farovon hayotimizning ishonchli kafolati bo‘lishi ta’kidlandi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada mulkdorlar huquqlarining kafolatlanishi, tibbiyot va ta’lim sohalariga tegishli moddalar normalarining kuchaytirilishi, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilayotgani yurtimizda inson qadr-qimmati ulug‘lanayotganining yorqin ifodasi sifatida e’tirof etildi.


– Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk bo‘lishi mumkinligi belgilanmoqda, – deydi O`zLiDeP Samarqand viloyati faxriylar kengashi a’zosi, fermer To‘xta Xudoynazarov. – Bunda yer qonunda nazarda tutilgan hollarda hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk sifatida belgilanishi nazarda tutilmoqda. Bu ishbilarmon kishilar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi. Ular ixtiyoridagi yerning bozor qiymati shakllanadi va yer kapitalga aylanadi. Qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga xizmat qiladi.

Targ‘ibot tadbirlari ishtirokchilari barcha yurtdoshlarimizni 30 aprel kuni o‘tkaziladigan refrendumda faol ishtirok etishga chaqirdilar.
G‘.HASANOV, O‘zA