Tadbirkorlar huquqi va manfaatlari kafolatlangan
Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan Toshkent shahrida “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar” mavzusida respublika konferensiya-seminari bo‘lib o‘tdi
Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan Toshkent shahrida “2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturini hayotga tatbiq etishda huquqni muhofaza qilish organlarining roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” mavzuida respublika konferensiya-seminari bo‘lib o‘tdi
Tadbirda davlatimiz rahbarining shu yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash mexanizmlari muhokama etildi.
Konferensiya-seminarda vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish, nazorat qiluvchi va sud organlari vakillari, barcha viloyatlardan kelgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Anjumanda 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar yangi bosqichining mazmun-mohiyatini tushuntirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xususiy mulk va tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi qonunchilik normalarini amalda so‘zsiz qo‘llashini ta’minlash borasidagi vazifalari, yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari bilan ishni samarali tashkil etishga doir aniq mexanizmlarini ishlab chiqish va boshqa masalalar batafsil muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.
Jahon bozorida beqarorlik hamon saqlanib turgan bugungi sharoitda O‘zbekistonda milliy iqtisodiyotimizning barcha sohalari izchil rivojlanayotgani, keng ko‘lamli tarkibiy o‘zgarishlar davom etayotgani, bozor mexanizmlari mustahkamlanib, eksport salohiyati yuksalayotgani va xorijiy investitsiyalarni jalb etish hajmi ortib borayotgani ta’kidlandi. Bularning barchasi yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlarida va sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida o‘z ifodasini topmoqda. So‘nggi o‘n bir yilda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot o‘sish ko‘rsatkichlari 8 foizdan oshmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘proq erkinlik berish, rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga qaratilgan uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan siyosat bu boradagi muvaffaqiyatlarning muhim omiliga aylandi. Buning uchun davlat tuzilmalarining xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini cheklashga doir izchil choralar ko‘rilmoqda, xo‘jalik subyektlariga nisbatan qo‘llaniladigan sanksiyalar tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqildi, xususiy tadbirkorlarning resurslar va mahsulotlarni sotish bozorlaridan keng foydalanishi ta’minlandi. Iqtisodiy islohotlarning me’yoriy-huquqiy bazasini izchil takomillashtirish orqali tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratildi va bu mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar yangi mazmun-mohiyat kasb etdi. Xususiy mulk huquqlari va uning himoyasi mustahkamlandi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining o‘n beshdan ortiq qonuni, jumladan, yangi tahrirdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar qabul qilindi.
Tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipi ham qonuniy mustahkamlandi. Endi qonunchilikda bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subyektlari foydasiga hal qilinadi. Bundan tashqari, so‘nggi 4-yilda 167 ruxsat berish tartib-taomili, litsenziya beriladigan 19 turdagi faoliyat, shuningdek, 65 turdagi statistika va 6 turdagi soliq hisoboti bekor qilindi, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni rasmiylashtirish uchun yig‘imlar hajmi 2 barobar kamaytirildi.
Buning samarasida yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000-yildagi 31 foiz o‘rniga bugungi kunda 56 foizga yetdi. Ayni paytda band bo‘lgan aholining 77 foizdan ortig‘i ushbu sohada mehnat qilayotir. Keng ko‘lamli islohotlar jarayonida o‘rta mulkdorlar sinfi shakllantirilib, ular milliy iqtisodiyotimizning rivojiga katta hissa qo‘shmoqda, minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etishga ko‘maklashmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish istiqboldagi ustuvor vazifa bo‘lishi lozim. Bu davlat organlari va tadbirkorlik tuzilmalarining birgalikdagi faoliyatini muvofiqlashtirishni talab etadi. Boshqacha aytganda, tarkibiy islohotlarning yangi bosqichi shunday tashkil etilishi kerakki, bu borada hukumat va biznes tom ma’noda hamkor bo‘lib, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, tashqi omillar sababli yuzaga keladigan muammolarni birgalikda hal etishi, tarkibiy tub o‘zgarishlarni amalga oshirish va iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini kuchaytirishda yaqin hamkorlik qilishi darkor.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublkasi Bosh prokurori I.Abdullayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev va boshqalar xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotimizdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarga barham berish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga qaratilgan ushbu farmonning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Davlatimiz rahbarining mazkur farmonida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, hujjatda xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish jarayonini davom ettirish, barcha turdagi ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish ko‘zda tutilgan. Farmonda tadbirkorlik subyektlarining moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, biznes muhitini yanada yaxshilashga alohida urg‘u berilgan.
Anjumanda ushbu barcha chora-tadbirlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunida o‘z ifodasini topgani qayd etildi. Qonunga binoan tadbirkorlik subyektlari faoliyatining deyarli barcha jihatlariga daxl qiladigan 40 dan ortiq qonun hujjatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Anjuman doirasida bo‘lib o‘tgan seksiya majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni bilan tasdiqlangan Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
“Xususiy mulk, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va kafolatlarini huquqiy himoya qilishni ta’minlashda huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini kuchaytirish”, “Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik normalarini hayotga tatbiq etishda sud organlarining roli”, “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha ro‘yxatga olish, ruxsat va litsenziya berish tartib-taomillarini soddalashtirishda davlat organlarining vazifalari”, “Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha “ishonch liniyasi” tizimi samaradorligini oshirishda huquqni muhofaza qilish organlari rolini kuchaytirish” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Xususiy sektor vakillariga qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni birinchi marta sodir etib, jinoyat aniqlangandan so‘ng 30 kun davomida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab, penya va boshqa moliyaviy jarima turlarini to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligi va shaxs javobgarlikdan ozod etilishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilayotgani haqida ma’lum qilindi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar mohiyati ham tushuntirildi. Endi xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan soxta bankrotlik va bankrotlikni yashirish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi. Savdo-sotiq qoidalari, savdo va vositachilik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklarning jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazilgani hamda katta miqdorda zarar yetkazilishiga olib kelgan huquqbuzarliklar bundan mustasno ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama chog‘ida ishtirokchilar xususiy tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishda sud organlarining rolini kuchaytirish masalasiga batafsil to‘xtaldi. Xususan, tadbirkorlik subyektlari soliq va bojxona qonunchiligini buzganligi munosabati bilan ularning mulkini musodara qilish, to‘lovchi tomonidan e’tiroz bo‘lganda, qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlarini undirish faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, xo‘jalik sudlariga nazorat qiluvchi organning shikoyat qilinayotgan harakati (qarori) ijrosini to‘xtatib turish huquqi berilgani, xo‘jalik sudlari tomonidan da’vo arizasini ko‘rib chiqish uchun qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarish muddati 10 kundan 5 kungacha qisqartirilgani ta’kidlandi.
Majlislar doirasida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ular faoliyatiga doir kompleks tekshiruvlar tayinlanishidan avval huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari samaradorligini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya-seminarda so‘zga chiqqan “Sam Antep gilam” qo‘shma korxonasi direktori K.Abdullayev (Samarqand viloyati), “Konteks-Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori N.Sotvoldiyev, “Qibray agro impeks” fermer xo‘jaligi rahbari N.Orifxo‘jayev (Toshkent viloyati) va boshqalar davlatimiz rahbariga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillari qo‘llab-quvvatlanayotgani va ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor, biznes yuritishga yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi. Ular, shuningdek, yangi qonunchilik hujjatlarining muhimligini ta’kidladi. Zero, ularning amaliyotga tatbiq etilishi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, mahalliy va xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Tadbir davomida yangi normalarni qonunosti hujjatlariga, davlat, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qilish idoralari amaliyotiga joriy etishni jadallashtirish, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini o‘zgartirish va profilaktika ishlariga alohida e’tibor qaratish, biznes subyektlarining huquqiy madaniyatini oshirishga doir vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglashni yo‘lga qo‘yish orqali mazkur qonun normalarining hayotga tatbiq etilishi ustidan parlament nazorati va monitoringini amalga oshirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Har bir hududda yangi qonun hujjatlarining roli va ahamiyatini aholi, birinchi navbatda, tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, sud va nazorat qiluvchi organlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etish, xususiy sektor sohasidagi muammoli masalalarni doimiy ravishda o‘rganish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish zarurligi alohida qayd etildi.
Konferensiya-seminarda mutaxassislar tadbirkorlarning savollariga javob qaytardi.
Anjuman yakuni bo‘yicha hujjat qabul qilindi.