Tadbirkorlar huquqi ishonchli himoyada
Termizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Termizda tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, viloyat prokuraturasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi mas’ul xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, tadbirkorlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 5-oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirish va eng muhimi, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ushbu hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilab, sohani yanada liberallashtirishda muhim omil bo‘ladi. Farmonga asosan tadbirkorlik subyektlariga yangi imtiyozlar taqdim etiladi, ularning faoliyatiga asossiz aralashuvga chek qo‘yiladi. Tekshirishlarni o‘tkazish soni va muddati qisqartiriladi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni yig‘ish xarajatlari kamaytiriladi.
– Farmon xususiy sektorni jadal rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini belgilab bergani bilan ahamiyatlidir, – deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Rustam Norliyev. – Tadbirkorlar huquqi va ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga e’tibor yanada kuchayadi. Tadbirkorlik faoliyatiga qonunga zid ravishda aralashgan yoki to‘sqinlik qilgan aybdorlar javobgarligi belgilangani to‘siq va g‘ovlarga barham beradi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishni rag‘batlantiradigan valyutani tartibga solish va valyutalar kursi siyosatining ilg‘or bozor mexanizmlari yaratilishi mamlakatimiz eksport salohiyati yanada yuksalishini ta’minlaydi. Bularning barchasi tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirib, ularning ishonchli faoliyat yuritishida muhim huquqiy asos bo‘ladi.
Tadbirda tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish, auditorlik tashkilotlari va soliq maslahatchilari ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati va taqdim etayotgan xulosalari haqqoniyligi uchun javobgarlikni kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.