Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot
Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasida eksport-import bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarning murojaat va takliflari tinglandi.
Ochiq muloqotda viloyat prokuraturasi, Biznes-ombudsman devoni viloyat shu’basi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi, savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, viloyat veterinariya va chorvachilik, o‘simliklar karantini, investitsiyalar, sanoat va savdo, soliq, adliya, transport boshqarmalari, temir yo‘l,“O‘zTest” vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Izzatulla G‘ulomov mamlakatimizda eksportyor korxonalarini qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida fikr almashdi.

Surxondaryo viloyatining tashqi savdo aylanmasi keyingi besh yilda 327,8 million AQSH dollaridan 746,8 million AQSH dollariga yetib, qariyb 128 foizga oshdi. Chegara bojxona postlari orqali harakatlangan avtomobil va temir yo‘l transport vositalari soni ikki yarim, yo‘lovchilar oqimi uch baravarga ko‘paydi.
Ayni paytda viloyatdagi chegara bojxona postlari orqali bir kecha-kunduzda o‘rtacha mingga yaqin transport vositasi, 8 ming 600 dan ortiq yo‘lovchi harakatlanmoqda. Mazkur o‘sish sur’atlari bojxona nazoratini yanada takomillashtirish, mavjud tartib-taomillarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Ochiq muloqotda tadbirkorlar tashqi iqtisodiy faoliyat, bojxona rasmiylashtiruvi, logistika, sertifikatlash hamda eksport-import jarayonlarida duch kelayotgan masalalarni o‘rtaga tashladi. Mutasaddi tashkilotlar vakillari har bir murojaatni atroflicha ko‘rib chiqib, ularning aksariyatiga joyida huquqiy va amaliy yechim topdi. Hal etilishi vaqt talab etadigan murojaatlarga muddat belgilanib, masalaga aloqador mas’ul idora mutasaddilariga aniq vazifalar yuklandi.

Foydali takliflarga boy bo‘lgan uchrashuv nafaqat, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qildi, balki amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish, sohaga ilg‘or taklif va tashabbuslarni joriy etishda muhim omil bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
–0–