Tadbirkor xotin-qizlar safi kengaymoqda
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Andijon viloyatida ham mazkur hujjat ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan,ayollar faolligini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, oilaviy biznes, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman va shahar xotin-qizlar qo‘mitalari hamda ularning boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatdagi tadbirkor, hunarmand va kasanachi xotin-qizlar, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan ayollar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotir. Viloyat hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasining viloyat bo‘limlari, soliq inspeksiyalari, banklar, xotin-qizlar qo‘mitalari hamkorligida ularning samarali ish olib borishi uchun barcha zarur sharoit yaratib berilmoqda.
Oilaviy biznesni tashkil etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning huquqiy, tadbirkorlik borasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida davra suhbati va seminarlar o‘tkazilmoqda. Ularda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda ish boshlash arafasida turgan opa-singillarimizga biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan mutaxassislar ko‘magida zarur tavsiya va maslahatlar berilmoqda.
– Bunday tadbirlar tufayli tajribam ortdi, bilimim boyidi, – deydi Asaka tumani Istiqlol mahallasida yashovchi Gulnora Ergasheva. – Buning samarasida o‘zim yashayotgan mahallada tikuvchilik korxonasi tashkil etib, ayollarning zamonaviy va milliy liboslarini tikishni yo‘lga qo‘ydim. Hozir korxonamizda bir necha tengdoshim mehnat qiladi, mahsulotlarimiz ichki bozorda xaridorgir.
O‘tgan yili viloyatda xotin-qizlar uchun yaratilgan 40 ming 147 ish o‘rnining asosiy qismi aynan oilaviy biznesni tashkil etish, tadbirkorlik, kasanachilik hamda uy mehnatining turli shakllarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish hisobidan ochildi.
– 2014-yilda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli manbalar hisobidan 90 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i ajratildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Bu ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi, kreditlar evaziga ko‘plab xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun ajratilayotgan kreditlar miqdori yildan-yilga ortib bormoqda. 2008-yilda berilgan kreditlar miqdori 10 milliard 827 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 9 barobarga o‘sdi. Bu xotin-qizlar tadbirkorligi rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor namunasidir.
– 2009-yilda tashkil etilgan jamiyatimiz oilaviy tadbirkorlik korxonasi sifatida o‘n nafar ishchi bilan faoliyat boshlagan edi, – deydi Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Karital bella” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Muhabbat Yo‘ldosheva. – Izlanish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish natijasida korxonamizda katta o‘zgarishlar yuz berdi. “Agrobank”ning tuman bo‘limidan olingan 180 million so‘m kredit hisobiga xorijdan o‘ttizta zamonaviy tikuv dastgohi keltirib o‘rnatildi. Natijada korxona faoliyati kengaydi, tayyorlanayotgan mahsulotlar turi va ishlab chiqarish hajmi oshdi.
Bu kabi o‘zgarishlarni Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan Shoira Isroilova rahbarligidagi “UPM-textile”, Sanobar Nosirova boshchiligida Qo‘rg‘ontepada ish olib borayotgan “Yagona hamkor nuri” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va boshqa tadbirkorlik subyektlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Viloyatda kasanachilik, “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunarmandlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘plab uy bekalari, hunar o‘rganish istagidagi yosh qizlar shu asosda hunar o‘rganib, oilalariga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Izboskanlik Iroda Abdurazzoqova ko‘rpa, choyshab, par yostiq, yostiq jildlari, bolalar uchun yumshoq o‘yinchoqlar tayyorlaydigan mohir hunarmandlardan. O‘z xonadonida sex tashkil etib, ko‘p yillardan buyon yosh qizlarga “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rgatib kelmoqda. Undan hunar o‘rgangan yoshlar endilikda mustaqil ish yuritib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shmoqda. Ayni paytda 50 dan ziyod uy bekasini kasanachilik asosida ishga jalb etgan.
– Ustozim Iroda opadan hunar o‘rganib, uyimda kasanachi sifatida ish olib boryapman, – deydi Izboskan tumani Qashqarlik mahallasida yashovchi Laylo Soliyeva. – Shu orqali oilamga ozmi-ko‘pmi daromad keltirayotganimdan juda xursandman.
Viloyatda yosh qizlar, xususan, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlarda bitiruvchilarning banklar, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limlari mutaxassislari bilan muloqotlari uyushtirilib, ularga ishga joylashish tartibi, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, kredit hujjatlarini rasmiylashtirish va kredit olish singari masalalar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan bitiruvchilarning bankdan imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi.
– O‘tgan yili kollejimiz ma’muriyati va Andijon shahar xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magida “Mikrokreditbank”ning viloyat bo‘limidan 2 million 800 ming so‘m imtiyozli kredit olib, tadbirkorlikni boshladim, – deydi Andijon industrial-pedagogika kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Dilafro‘z A’zamjonova. – Kredit hisobiga yangi dastgohlar sotib oldik. Ayni paytda ikki nafar tengdoshim bilan ayollar va bolalarning mavsumiy liboslarini tayyorlayapmiz.
Muxtasar aytganda, Andijon viloyatida oilaviy biznesni yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu hayotimiz gultoji bo‘lgan opa-singillarimizning turmush farovonligini yuksaltirish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, o‘rni va mavqeini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.