Tadbirkor uchun yana bir qulay imkoniyat
Bugun tadbirkorlikni rivojlantirish deganda faqat yangi korxonalar tashkil etish yoki ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki biznes vakiliga har bir bosqichda qulay, shaffof va zamonaviy sharoit yaratish ham nazarda tutiladi. Ayniqsa, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan korxonalar uchun bojxona jarayonlarining soddalashtirilishi, ortiqcha vaqt va xarajatlarning qisqarishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu jarayonda bojxona sohasida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar ham tadbirkor uchun katta ahamiyatga ega. Ana shunday imkoniyatlardan biri — vakolatli iqtisodiy operator (VIO) maqomidir.
Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi mas’ul xodimlari Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda bo‘lib, tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazmoqda.
Sayyor o‘rganishlar jarayonida nafaqat bojxona qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, balki tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirishga qaratilgan yangi mexanizmlar haqida ham batafsil tushuntirishlar berilmoqda. Shunday uchrashuvlardan biri “Merganteks” MCHJda tashkil etildi. Unda korxonaning ishlab chiqarish va tashqi savdo faoliyati, import-eksport operatsiyalari hamda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari atroflicha o‘rganildi. Korxona vakillariga vakolatli iqtisodiy operator maqomining mohiyati, uni olish uchun belgilangan talablar, tadbirkor zimmasiga yuklanadigan majburiyatlar hamda maqomga ega bo‘lgan sub’ektlar uchun nazarda tutilgan yengillik va imkoniyatlar tushuntirildi.

“Merganteks” MCHJning tashqi iqtisodiy faoliyatiga nazar tashlansa, korxonaning tashqi bozor bilan qanchalik faol ishlayotganini ko‘rish mumkin.
2026-yil davomida korxona tomonidan 1 million AQSH dollari qiymatidagi, umumiy og‘irligi 1 220 tonna bo‘lgan trikotaj va to‘qimachilik sanoatida foydalaniladigan bo‘yoqlar, kimyoviy vositalar, uskunalar, butlovchi qismlar hamda boshqa turdagi xomashyo va materiallar import bojxona rejimida rasmiylashtirilgan. Shuningdek, shu davrda 1,3 million AQSH dollari qiymatidagi, umumiy og‘irligi 668 tonna bo‘lgan to‘qimachilik iplari va matolari, urug‘lar hamda boshqa turdagi xomashyo mahsulotlari eksport qilingan. Bu raqamlar shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Ularning zamirida ish o‘rinlari, ishlab chiqarish quvvatlari, yangi bozorlar, shartnomalar va eng muhimi, yurt iqtisodiyotiga qo‘shilayotgan hissa mujassam. Shu nuqtai nazardan qaraganda, tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirayotgan korxona uchun bojxona rasmiylashtiruvining tezkor va qulay bo‘lishi ishlab chiqarishning uzluksizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Uchrashuv davomida korxona vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi qarori asosida vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish tartibi, unga qo‘yiladigan talablar va ushbu maqomning amaliy ahamiyati keng tushuntirildi.
Vakolatli iqtisodiy operator instituti, avvalo, tashqi iqtisodiy faoliyati barqaror va ishonchli tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona operatsiyalarini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi. Bunda asosiy e’tibor ishonch, qonuniylik va o‘zaro hamkorlik tamoyillariga qaratiladi. Talablarga javob beradigan tadbirkor uchun bojxona jarayonlarini soddalashtirish, rasmiylashtirishdagi vaqtni maqbullashtirish va mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Eng muhimi, bu mexanizm tadbirkorni faqat nazorat ob’ekti sifatida emas, balki qonun talablariga rioya qilayotgan, ishonchli tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi sifatida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yondashuvni anglatadi.

Bugun jahon bozorida raqobat shiddatli. Biror mahsulotni eksport qilish yoki zarur xomashyoni import qilishda vaqtning boy berilishi korxona uchun qo‘shimcha xarajat va imkoniyatlarning qo‘ldan chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois bojxona sohasidagi har bir soddalashtirish — tadbirkor uchun vaqt, vaqt esa raqobatbardoshlik demakdir.
Vakolatli iqtisodiy operator maqomi ana shu jihatdan ham ahamiyatli. U tashqi iqtisodiy faoliyati yuqori bo‘lgan korxonalarga o‘z biznes jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq jarayonlarni maqbullashtirish va tashqi savdo operatsiyalarini tizimli yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Buxoroda o‘tkazilayotgan sayyor o‘rganish va ochiq muloqotlarning ahamiyati ham shunda. Tadbirkorga qonunni shunchaki tushuntirish emas, uning faoliyatiga mos ravishda qanday imkoniyatlar mavjudligini amaliyot asosida ko‘rsatish muhim.
Bugun davlat idoralari bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlar tobora yangi mazmun kasb etmoqda. Ilgari tadbirkor ko‘proq idoraga borib masala hal qilgan bo‘lsa, bugun mas’ullar korxonaga borib, uning muammosini joyida o‘rganishi, qonunchilikdagi yangiliklarni tushuntirishi va mavjud imkoniyatlarni ko‘rsatishi muhim tamoyilga aylanmoqda. Bu — islohotlarning inson va tadbirkor manfaatiga xizmat qilayotganining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, davlat rahbari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun ochiq va qulay muhit yaratish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar bugun joylardagi amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda. Zero, tadbirkorning vaqti tejalsa — ishlab chiqarish tezlashadi. Bojxona jarayoni soddalashsa — tashqi savdo aylanmasi kengayadi. Eksport imkoniyatlari oshsa — yangi ish o‘rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo‘ladi. Shu ma’noda, vakolatli iqtisodiy operator maqomi — shunchaki yangi maqom emas. Bu qonunga rioya qilgan holda samarali ishlayotgan tadbirkor uchun ishonch, qulaylik va yangi imkoniyatlarga yo‘l ochuvchi zamonaviy mexanizmdir.
Bugun Buxoroda olib borilayotgan tushuntirish va sayyor o‘rganishlar esa ana shu imkoniyatlarni har bir tadbirkorga yetkazish, ulardan samarali foydalanishga ko‘maklashish va pirovardida hududning tashqi savdo salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri