Tadbirkor javobgarlikdan ozod bo‘ldi, nega?
Farg‘onada bojxona va soliq to‘lovlarini to‘lashdan qochgan tadbirkor sud tomonidan javobgarlikdan ozod qilindi.
Farg‘onada bojxona va soliq to‘lovlarini to‘lashdan qochgan tadbirkor sud tomonidan javobgarlikdan ozod qilindi.
Tadbirkorlar uchun bugun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilyapti, ularning har qanday muammolari amaliy hal etilmoqda. Biznes loyihalarni amalga oshirish maqsadida turli imtiyozlarning ham berilgani katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu ishlar samarasida tadbirkorlik sub’ektlari yanada rivojlanyapti, yurt farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda. Afsuski, tadbirkorlar orasida noqonuniy ishga qo‘l urayotganlari ham uchrab turibdi.
Marg‘ilon shahridan davlat ro‘yxatidan o‘tgan xususiy korxona rahbari B. S. ham davlat bergan imtiyozlardan samarali foydalanish o‘rniga nafs kuyiga uchdi. Korxona “O‘zcharmsanoat” uyushmasi a’zosi bo‘lgani holda 2018 yil davomida Xitoy davlatidan import shartnomalari asosida 5 xil turdagi poyafzal ishlab chiqarish uchun xomashyo olib kelib, Prezident qarori asosida bojxona to‘lovlaridan bo‘lgan imtiyozdan foydalandi. Ammo mazkur xom ashyolarini korxona tomonidan ishlab chiqarish faoliyatida foydalanmay, ichki bozorda tergov davomida aniqlashni imkoni bo‘lmagan shaxslarga sotib yuboradi. Imtiyozdan maqsadsiz foydalanib, natijada 128 million 627 ming 344,76 so‘m bojxona to‘lovlarini to‘lamagan. Bundan tashqari, u korxona 2018 yil va 2019 yilning 1, 2-choragi davomida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirmagan bo‘lsa-da, soliq hisobotlarida poyafzal chiqarish faoliyatini amalga oshirayotganligini ko‘rsatib, soliq imtiyozlaridan foydalangan holda 16 million 567 ming 200 so‘m soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan.
Ushbu holat bo‘yicha korxona rahbariga O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 184-moddasining 3-qismi bilan ayb e’lon qilinib, sudga berilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, tadbirkorni javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risida ajrim chiqardi. Sudda aniqlanishicha, korxona rahbari qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon, sodir etilgan qilmish uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiradi, to‘lashdan bo‘yin tovlangan boj to‘lovlari dastlabki tergov harakatlari davrida to‘liq to‘langan.