Tadbirkor har doim davlat va jamiyat e’tiborida
Mamlakatimizda, jumladan, Navoiy viloyatida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. G‘ozg‘on shahrida sanoat usulida marmar toshlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ana shunday yirik loyihalardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, mazkur hududda 100 ga yaqin konlar mavjud. Ularda 36 million metr kub marmar, 106 million kub granit zaxirasi borligi aniqlangan. G‘ozg‘on shahrida ish boshlagan “Marmarobod” mas’uliyati cheklangan jamiyati tabiiy toshni qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashgan. 37 gektar maydonni egallagan korxona umumiy qiymati 52 million dollarga teng 14 ta loyihadan iborat.

Zamonaviy uskunalarning yillik quvvati 70 ming kub metr tosh qazib olish va 1.2 million metr kvadrat toshni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Majmua faoliyati to‘liq quvvat olgach jami 800 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlanadi. “Marmarobod” MCHJda toshga ishlov berish jarayoni avtomatlashtirilgan. Bu mahsulotning tannarxini 25-30 foizgacha pasaytirib, ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda klasterda 45 dan ortiq rang va ko‘rinishga ega marmar va granit mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Tabiiy pardozbop toshlar ishlab chiqarishda jahon tajribasi va yangi texnologiyalardan samarali foydalanib kelayotgan klasterning bugungi erishgan natijalari yuqori baholandi. “Marmarobod” MCHJ direktori O‘tkir Bo‘ronov tadbirkorlar kuni munosabati bilan munosib taqdirlandi.

– “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga munosib topilganimdan juda baxtiyorman. Albatta, ishbilarmon uchun davlatning qo‘llab-quvvatlashidan ortiq imtiyoz yo‘q. Biz esa bugun ana shunday rag‘bat bilan faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Maqsadimiz yangi mahsulotlar va ish o‘rinlarini yaratish orqali davlatimiz hamda xalqimizga astoydil xizmat qilish, – deydi O‘tkir Bo‘ronov. –Boshlanishida ayrim dastgohlar yetishmasligi tufayli qo‘shimcha kuch va vaqt sarflagan bo‘lsak, endilikda Xitoy hamda Italiyadan zamonaviy texnologiyalar olib kelib ishimizni yengillashtirdik. Nafaqat texnikalarimiz, ishchi xodimlarimiz ham xorijning tajribali mutaxassislaridan sohaga oid bilimlarini oshirishiga sharoit yaratildi. Aytish kerak, avvallari G‘ozg‘onda 15-20 ming kvadrat metr marmar va granit mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirga kelib qariyb 600 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu albatta bizga ichki va tashqi bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Korxonaning asosiy maqsadi loyiha qiymatini 2 million kvadrat metrga yetkazish, mahsulotlar turini ko‘paytirish va eksportga yo‘naltirishga qaratilmoqda. Buning natijasida ishlab chiqarish hajmi 190 milliard so‘mga, eksport 5 million dollarga yetishi va 1500 nafar yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda yagona hisoblangan mazkur korxona granit va marmar konlaridan tortib, ishlab chiqarish korxonalarigacha qamrab olgan. Asosiysi, mazkur istiqbolli loyihalarni ishga tushirishda “O‘zmilliybank” AJ moliyaviy madad bo‘lib tadbirkorlar bilan ishonchli hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda.
– Ikki uch yil avval eski va ta’mirtalab sexda faoliyat olib borar edik, – deydi tadbirkor Hamid Narziyev. – Prezidentimiz loyihalari asosida mazkur korxonada qurib foydalanishga topshirilgan ushbu sexni jihozlash uchun “O‘zmilliybank” AJning Navoiy viloyati Bosh boshqarmasi tomonidan 5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Korxonaga Italiya va Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Bir yilda ushbu kredit to‘lab berildi. 1 milliard so‘mlik mahsulot xorijga eksport qilindi. Asosiysi, bugun mahsulotlarimizga bo‘lgan talab oshmoqda.
Ayni paytda korxonada kelajak maqsadlar uchun ham aniq rejalar va loyihalar bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu esa o‘z navbatida hududning infrastrukturasi va iqtisodiy ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, bugun hududlarda “O‘zmilliybank” AJ moliyaviy ko‘magi bilan yangi ishga tushayotgan va faoliyatini kengaytirib, davlatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ishbilarmonlar safi kengaymoqda. Eng asosiysi yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi farovonligi yuksalmoqda.
O‘zmilliybank yurtimiz ravnaqi yo‘lida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlar, yirik ishlab chiqaruvchilar, eksportyor korxonalar, kichik biznes sub’ektlarining ishonchli hamkori sifatida ularni doimo moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida