Tadbirkor boy bo‘lsa – xalq ham boy bo‘ladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchi yarim yillikda 193,4 million AQSH dollari qiymatidagi tovar eksport qilingan.
Mamlakatning tashqi savdo aylanmasi unda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan tovarlarning eksportga yo‘naltirilishi, importning optimallashuvi, tadbirkorlik sub’ektlarining taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liqdir.
Iqtisodiyot bo‘g‘inlari jadal tusda rivojlanayotgan bugungi kunda kichik va katta biznesning faoliyatiga, shu jumladan, eksport-import amaliyotlariga yo‘llar keng ochilgan. Dunyo bozorlariga o‘z mahsulotlarini olib chiqayotgan va o‘zimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlar importini amalga oshirishda bojxona organlari tadbirkorlik sub’ektlari uchun tayanch vazifasini bajarmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida 193,4 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar “eksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Bu esa hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilgan plastmassa va undan tayyorlangan buyumlar, ip-kalava, farmatsevtika, kimyo sanoati, artemiya sistasi, meva-sabzavot mahsulotlarining Turkiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Birlashgan Arab Amirliklari kabi bir qator davlatlarning bozorlaridan joy olishiga zamin yaratdi.
Hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 310 million AQSH dollarni tashkil qilgan bo‘lib, shundan 37 foizi ya’ni 116,8 million AQSH dollari qiymatidagi tovar import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va aholining farovon turmush tarzining ta’minlanishida tadbirkorlik sub’ektlarining o‘rni beqiyos. Shuning uchun ham davlatimiz tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sharoitlar yaratish maqsadida bojxona to‘lovlaridan taqdim etilayotgan imtiyozlar, xususan, bojxona bojining nol va pasaytirilgan stavkada qo‘llanilishi, preferensiya va subsidiyalarning ajratilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining yanada rivojlanib, ishlab chiqarish hajmining ortishiga turtki bo‘lmoqda.
2022 yil boshidan o‘tgan davr mobaynida birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona to‘lovlaridan qariyib 182 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovidan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan berilgan imtiyozlar miqdori – 89 milliard so‘mga yoki 95,8 foizga oshdi.
O‘z fiskal vazifasini bajarish doirasida boshqarma tomonidan joriy yilning birinchi yarmi davomida davlat byudjetiga 256 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazildi. Hisobot davrida tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan jami 8726 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan, 5746 tasi yoki 65,8 foiz deklaratsiya orqali tovarlar eksportga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2980 ta ya’ni 34,2 foizi bojxona yuk deklaratsiyalari orqali import tovarlar rasmiylashtirildi.

Rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining qariyib 60 foizi xavflarni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali “yashil” yo‘lakka yo‘naltirilgan bo‘lib, ularga nisbatan bojxona nazoratining bojxona ko‘rigi shakli amalga oshirilmadi. Shuningdek, 28 foiz bojxona yuk deklaratsiyasi soddalashtirilgan tartib hisoblanuvchi “sariq” yo‘lakka yo‘naltirilgan bo‘lsa, “qizil” yo‘lakka tushgan 12 foiz tovarlarga nisbatan bojxona ko‘rigi amalga oshirildi.
Bojxona amaliyotlarining raqamlashtirilishi, sohada innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida ish samaradorligi ortib, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlarning faqatgina 12 foiziga nisbatan bojxona nazorati shakli qo‘llanildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi tadbirkorlik sub’ektlarining vaqt sarfi va pul harajatlarining tejalishiga, buning natijasida respublikamiz tashqi savdo aylanmasining ortishiga xizmat qiladi. Zero, tadbirkor boy bo‘lsa –xalq ham boy bo‘ladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri