Tadbirkor ayollarni nimalar o‘ylantirayapti?
Ularda 4272 ish o‘rni yaratildi.
–Yil boshidan buyon Toshkentda 19 yirik korxona ish boshladi. Ularda 4272 ish o‘rni yaratildi. Bu ish o‘rinlaridan 1293 tasi bo‘sh turibdi. Ming afsuski, poytaxt ayollarini ishga jalb etish masalasi biroz qiyin bo‘layapti. Gap faqat maoshda emas. Ularning aksariyatida xohish yo‘q, boqimandalik kayfiyatiga berilib qolgan. Mana shu masalaning yechimiga jiddiy e’tibor qaratish kerak.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, shahar xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbar Najmutdinova poytaxtimizda “Boshqaruv va biznesda xotin-qizlar ishtirokini oshirish mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishi” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda shu fikrlarni qayd etdi.
Tadbir Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, poytaxtda tashabbuskor, tadbirkor opa-singillarimiz ham talaygina. Ayni paytda ularning soni 5000 dan ziyod. Birgina joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1130 xotin-qiz tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ular tomonidan 1700 ga yaqin ish o‘rni yaratildi. Shundan qariyb 400 tasi hunarmandchilik va kasanachilik yo‘nalishida, 120 tasi oilaviy bog‘chalarda tashkil etilgan.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB o‘rtasida imzolangan bitimga ko‘ra, o‘z tadbirkorligini boshlash istagida bo‘lgan poytaxtlik 64 ayolga shu yil boshidan buyon 4 milliard 729 million 665 so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi.
Bundan tashqari, ishlash istagida bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va shahar bandlik boshqarmasi hamkorligida alohida dastur qabul qilingan. Mazkur dastur asosida ishchi guruhlar tomonidan ijtimoiy yordamga muhtojlar toifasiga kiradigan ayollar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Raqamlar o‘z yo‘liga, amalda tadbirkorlik yo‘nalishida ayollar duch kelayotgan muammoli vaziyatlar ham borligi yaxshi ma’lum. Muloqotlar davomida ayni jihatga alohida urg‘u berildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘yicha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yoki shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlardan Oliy Majlis Senatiga 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ular asosan tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer ajratish, tijorat banklaridan kredit olish, moddiy yordam ko‘rsatish, arzon uy-joylar bilan ta’minlash masalalarini qamrab oladi.
Shuningdek, hozirda tadbirkor ayollar bino-inshootlar, bank kreditlari hamda yer maydonlari ajratilishi, buzilgan binolar bo‘yicha kompensatsiya pullari olish bilan bog‘liq muammolardan qiynalmoqda.
Tadbirda shu kabi to‘siq va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi.