Tadbirkor ayol mahalladoshlarini ishga oldi
Kimyoxon Zokirova Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanining “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi.
Turmush o‘rtog‘i vafot etganligi tufayli qaramog‘idagi uch farzandini yolg‘iz tarbiyalamoqda.
U mahalladagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Mavsumiy ish bilan bandligi ortidan topgani ro‘zg‘orga arang yetadi. Tikuvchilikka uquvi bor. Agar bir nechta tikuv mashinasi bo‘lsa, tadbirkorlik qilib ro‘zg‘orning bir tomonini shuning ortidan ko‘tarishi mumkin.
Kimyoxon bilan suhbatlashgan Xalq bankining tuman filiali mutasaddilari uning taklifini qo‘llab-quvvatladi. O‘ttiz million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i hisobiga 6 ta tikuv mashinasi xarid qildi. Mahallada bo‘sh turgan do‘konni ijaraga olib, shu joyda faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Tuman hokimi Ilyos Novikov tikuvchilik sexining ochilishida ishtirok etib, ayolning rejalari bilan tanishdi. Opa sexni kengaytirish va qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratish niyatida. Kimyoxon Zokirova tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 6 ta ishchi o‘rni yaratdi. Hatto o‘zi singari “Ayollar daftarida”gi besh nafar ayollarni ish bilan ta’minladi. Tadbirkor ayol do‘konning bo‘sh turgan xonalaridan ham unumli foydalanmoqda. O‘zi chevar bo‘lganligi uchun mahalladagi 15 nafar qizlarga tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kursi ham tashkil etdi.
Mahalladagi bejirimgina tikuvchilik sexida buyurtma asosida ayollar kiyimi tikiladi. Kimyoxon shu kungacha uy sharoitida o‘zi mustaqil faoliyat yuritib kelayotgan edi. U tikkan quroq yostiq va yakandozlarning xaridori qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasidan. Qalb qo‘ri va mehrini berib tikkan quroq yakandoz va yostiq jamlanmasining narxi 1 million so‘mgacha sotiladi.
– Quroqdan tikilgan bitta jamlamamizda 4 dona yakandoz va 4 dona yostiq bo‘ladi, – deydi opa. – Hozirda Qirg‘izistondan 500 dona quroq yakandoz va 500 dona yostiqqa buyurtma kelgan. Qolaversa, bu buyurtmani Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ham oldik. Oldin bitta o‘zim harakat qilgan bo‘lsam, endi ko‘plashib ishlaymiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi, albatta.
Ha, intilgan kishi o‘z maqsadiga erisha oladi. Hech qachon birovning qo‘liga qarab qolmaydi. Kimyoxon opa singari xotin-qizlar buni amalda isbotlamoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA