Tadbir amaliy natijalarga boy bo‘ldi
Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning intellektual salohiyati, ertangi taraqqiyoti va raqobatbardosh iqtisodiyotini ta’minlaydigan eng katta kuchdir. Shu bois mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim egallashi, kasb-hunar o‘rganishi, munosib mehnat qilishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchillik bilan ta’minlanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning ta’lim olishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi va mehnat bozorida munosib o‘rin topishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar o‘z samarasini bermoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan vazifalar hayotga izchil tatbiq etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasasini tamomlagan har bir yoshni eng ko‘p o‘ylantiradigan masala – egallagan mutaxassisligi bo‘yicha munosib ish topishdir. Zero, diplomning haqiqiy qiymati uni amaliyot bilan mustahkamlash, olingan bilimni ish jarayonida namoyon etish orqali yuksaladi. Shu ma’noda ta’lim muassasalari bilan ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar yoshlarning kelajagini belgilaydigan muhim omilga aylanmoqda.

Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida tashkil etilgan “Karera kuni” tadbiri ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qildi. Unda suv xo‘jaligi tizimiga malakali, tashabbuskor va zamonaviy bilimlarga ega yosh mutaxassislarni keng jalb etish, ularni mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish hamda sohaning kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev, boshqarma markaziy apparati xodimlari, inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘yicha mutaxassislar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda amaliyotchi talabalar ishtirok etishdi.

Boshqarma boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev so‘zga chiqib, bugun suv xo‘jaligi tizimida nafaqat chuqur nazariy bilimga, balki zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli yosh kadrlarga ehtiyoj tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, sohaga kirib kelayotgan yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning mehnat faoliyatini munosib boshlashi uchun barcha zarur tashkiliy va amaliy shart-sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.

Tadbir doirasida suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Bitiruvchilarga mehnat faoliyatini boshlash tartibi, ish sharoitlari, kasbiy o‘sish imkoniyatlari va sohadagi istiqbolli yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuv yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olish, ish beruvchi va bitiruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini yaratdi.
Eng muhimi, tadbir amaliy natija bilan yakunlandi. Irrigatsiya sohasini tamomlagan bir guruh bitiruvchilar tizimdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga qabul qilinib, o‘z mehnat faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu esa “Karera kuni” tadbiri rasmiy uchrashuv emas, balki yoshlarning diplomdan mustaqil mehnat faoliyatiga o‘tishini ta’minlayotgan ta’sirchan mexanizmga aylanayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bugun suv xo‘jaligi sohasida mehnat faoliyatini boshlayotgan yoshlar ertaga mamlakatning suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish va tarmoq barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi. Shu ma’noda “Karera kuni” kabi amaliy tashabbuslar nafaqat bitiruvchilar bandligini ta’minlash, balki davlatimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasi, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikning yorqin namunasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri