Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli monitoring va nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali almashinuvini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognoz ma’lumotlari asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqish.
Qaror bilan Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
aviatsiya vositalari (vertolyot, samolyot, uchuvchisiz uchadigan apparatlar)dan keng miqyosda zararlangan hududlar holatini monitoring qilish uchun foydalanish;
Yagona tizimning asosiy vazifalari va uning tarkibi;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlarning monitoringi hamda prognozi natijalari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etish muddatlari tartibi belgilab berilgan.
2026-yil 1-avgustga qadar idoraviy axborot tizimlari Yagona tizim platformasiga “Raqamli hukumat” tizimi orqali integratsiya qilinadi.
Taqdim etiladigan monitoring va prognozlash ma’lumotlari uch oy muddatda raqamlashtiriladi hamda belgilangan muddatda Yagona tizim platformasiga kiritib boriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab umumiy cheklangan shtatlar soni hamda byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar doirasida markaziy apparat, hududiy bo‘linmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmalariga Yagona tizim doirasida belgilangan vazifalarni bajarishga mas’ul mutaxassislar shtat lavozimlari joriy etiladi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining asosiy vazifalari hamda faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Yagona tizim tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash masalalarini hal etishga mo‘ljallangan bo‘lib, FVDTning ajralmas qismi xisoblanadi.
Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular bo‘yicha tizimli monitoring va nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va oqibatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali almashinuvini ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi va prognozi asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish hamda oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish.
Yagona tizimni FVDT doirasida xavfli tabiiy va texnogen hodisa hamda jarayonlarning monitoringi va prognozlash funksiyalarini bajaradigan davlat organlari va tashkilotlarining tuzilmalari (xizmat, tashkilot, inspeksiya, bo‘lim, laboratoriya va boshqalar) majmuasi tashkil etadi.
Yagona tizimning tashkiliy-funksional tuzilmasi FVDT doirasida favqulodda vaziyatga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi hamda prognozlash funksiyasini bajaradigan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini birlashtiradi.
Yagona tizim faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zA