Tabiiy gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda
Navoiy viloyatining Nurota tumanida bugungi kunda 8 560 nafar tabiiy gaz iste’molchisi mavjud bo‘lib, aholini kuz-qish mavsumida uzluksiz va sifatli tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada hududdagi gaz tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jumladan, “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialiga qarashli qurilish-montaj brigadasi tomonidan tumanning Nurfaxr va Amir Temur mahallalarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi o‘rta bosimli, diametri 159 millimetrli gaz quvurlarida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda yer ostida joylashgan gaz quvurlarini yer ustiga chiqarish ishlari ham izchil davom ettirilyapti.

Albatta, mazkur ishlar gaz ta’minoti tizimining ishonchliligini oshirish, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda iste’molchilarga barqaror xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.
– Mahallamizda amalga oshirilayotgan ishlardan juda mamnunmiz, – deydi iste’molchilardan biri R.Vohidova. – Gazchilar har qanday ob-havo sharoitida ham mehnat qilib, yer osti gaz quvurlarini yer ustiga chiqarish ishlarini astoydil bajarmoqda. Bu esa xonadonlarimizga tabiiy gazning sifatli va uzluksiz yetib kelishini ta’minlaydi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, Nurfaxr, Nurobod, Amir Temur va Ibn Sino mahallalarida joylashgan 2 100 ta xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilanadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA