Tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanmoqda
Navoiy viloyatining Karmana tumanida joylashgan “Kalovot” mahallasi tabiiy gaz yetib borishi og‘ir bo‘lgan hududlardan biridir.
“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali hamda “Karmanatumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan hudud aholisini tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, tabiiy gaz yetkazilishini bir maromda ta’minlash maqsadida mahallaning “Bog‘imurod” ko‘chasida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.
– Mazkur hududda gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida mavjud qariyb 57,8 diametrdagi gaz quvurlari 89 diametrli gaz quvurlariga rekonstruksiya qilinmoqda, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Asqar Nabiyev. – Shuningdek, bu yerda mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Hozirda mahalla hududida bir kilometr gaz quvurlari tortilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kunga qadar 150 metr gaz quvurlari tortildi. Ushbu mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya tadbirlari yakunlansa, mahalladagi 150 xonadonda gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi. Mazkur ta’mirlash ishlariga 5 nafar ishchi-xodim jalb etilgan.
E’tiborlisi, aholiga munosib sharoit yaratish maqsadida tumangaz gaz ta’minoti ishchi-xodimlari yozning jazirama kunlariga qaramay o‘z vazifalarini astoydil bajarmoqda. Tabiiy gaz ta’minotini yanada yaxshilash yo‘lidagi bu kabi ta’mirlash jarayonlari viloyatning boshqa tumanlaridagi tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda ham uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA