Tabiiy bo‘yoqlardan noyob milliy matolar to‘qilmoqda
Farg‘ona viloyati milliy hunarmandchiligi bilan dovruq qozongan bo‘lib, bu an’analar davom etib kelmoqda. Ayniqsa, ipak matolaridan to‘qilgan adras, atlaslar tashqi bozorda ham xaridorgir. bugungi kunda chekka hududlarda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, oila daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Qo‘shtepa tumanidagi «Qamishtepa»mahalla fuqarolar yig‘inida ish boshlagan «Hunarmandlar markazi»da ipak va jundan gilam to‘qish, adras, a’lo baxmal, kashtachilik, milliy liboslar tayyorlash hamda misgarlik ustaxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markazda O‘zbekiston xalq amaliy san’ati ustalari milliy katalogiga kiritilgan ipak gilam va tabiiy bo‘yoqlar ustasi Ilhomjon Davletov va uning turmush o‘rtog‘i Nargiza Sherxo‘jayeva boshligidagi ipak gilam va milliy mato to‘qish hamda kashtachilik ustaxonalarida ish qizg‘in. Bu yerda «usta-shogird» an’anasi asosida yuzdan ortiq shogirdlar jalb qilingan bo‘lib, mahalliy ayollarning bandligi ta’minlanmoqda. Ayni kunda 32 nafar xotin-qiz kashtachilik sirlarini o‘rganyapti.
– Azaldan ipak mahsulotlarimiz jahon ahlini hayratga solib keladi, – deydi Ilhomjon Davletov. – Qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan noyob ipak gilam, tabiiy bo‘yoqlardan tayyorlanayotgan hunarmandchilik mahsulotlariga Yevropa va AQSHda talab katta. Bu yerda yoshlarga, ayollarimizga mazkur hunar sirlarini o‘rgatmoqdamiz. Shu bilan birgalikda ularni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘ryapmiz.
[gallery-4920]
Markazda yoshlarga misgarlik, kandakorlik, rixtagarlikni ham o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Marg‘ilonlik mashhur misgarlar sulolasining beshinchi vakili Abduhamid Madaliyev o‘z ustaxonasini tashkil etgan bo‘lib, xorijdan tashrif buyuradigan mehmonlarga sovg‘a qilinadigan misgarlik to‘plamlarini ishlab chiqarmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov «Hunarmandlar markazi» faoliyati bilan tanishdi va misgar ustaga yangi markaz tashkil etib, yuz nafar usta bilan faoliyatini kengaytirish taklifini bildirdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA