Tabiatni asrashga xizmat qilayotganlar rag‘batlantirildi
Atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini kamaytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirish har bir davlatning muhim vazifalaridan biriga aylanmoqda. O‘zbekistonda ham bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va tashabbuslarda faol ishtirok etayotgan ekologlar, mutaxassislar hamda jamoatchilik vakillarining mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlab “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishonini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirdi. Ko‘krak nishonlari bilan Qo‘mitaning mas’ul xodimlari, tizim tashkilotlari va hududiy bo‘linmalar vakillari, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ekofaollar taqdirlandi.
Marosimda so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston ekologik muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotgani qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yil 31-maydan 6-iyungacha Samarqand shahrida Global ekologik fondning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etildi. Mazkur tadbirlar O‘zbekistonning ekologik texnologiyalar, investitsiyalar va ilg‘or tajriba almashinuvi bo‘yicha muhim mintaqaviy maydonga aylanayotganini yana bir bor namoyon qildi.
Qo‘mita raisi Butunjahon atrof-muhit kuni har bir insonning kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatini eslatuvchi muhim sana ekanini ta’kidlab, fuqarolarni ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir davomida “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni bilan Ekologiya qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritayotgan 62 nafar xodim, shuningdek, hamkor tashkilotlar, ilmiy muassasalar, madaniyat va yoshlar tashkilotlari vakillari, ekofaollar hamda jurnalistlar e’tirof etildi.
Umuman olganda, joriy yilda respublika bo‘ylab atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan 169 nafar fuqaroga “Tabiat himoyachisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Bu esa mamlakatimizda ekologik harakat va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA