Ta’limda xalqaro hamkorlik
Andijon davlat universitetida “Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ularni ishlab chiqarish hamda ta’limda qo‘llashning muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat universitetida “Innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va ularni ishlab chiqarish hamda ta’limda qo‘llashning muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlarining oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, yosh olimlari, iste’dodli talabalari ishtirok etgan anjumanda pedagogika, fizika-matematika yo‘nalishlaridagi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalarni o‘qitishga – amaliyotga tatbiq etish borasidagi yutuq va muammolar xususida atroflicha fikr almashildi.
– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad mazkur yo‘nalishdagi innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga ko‘maklashish, – deydi Andijon davlat universiteti rektori A.Yo‘ldoshev. – Qolaversa, bu borada qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Anjumanning asosiy yig‘ilishida mamlakatimizda innovatsion g‘oya va ishlanmalarni ta’lim sohasiga hamda ishlab chiqarishga tatbiq etish borasidagi muammolar, ularni bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, “Yarimo‘tkazgichli qattiq eritmalarda elektrofizik hodisalar”, “O‘zbekiston tarixiga innovatsion yondashuvning ba’zi natijalari”, “Murakkab fizik jarayonlarni kompyuterli modellashtirish”, “Grammatik ma’no va shaklning dialektik talqini” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Mavzu doirasidagi tadqiqotlar, amaliy ishlar samaradorligini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman ishi ijtimoiy-gumanitar, aniq va texnik, informatika va axborot texnologiyalari, amaliy fanlar va san’at, pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari fanlari bo‘yicha seksiyalar doirasida davom etdi.
– O‘zbekistonda innovatsion g‘oya, ishlanma va loyihalarni ta’limga tatbiq etish, ishlab chiqarish va ilm-fan hamkorligi borasida salmoqli ishlar qilinayotganiga guvoh bo‘ldik, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod davlat universiteti professori M.Mirzohidova. – Anjuman bahona bu boradagi ilg‘or tajribalar bilan tanishdik, ko‘p narsa o‘rgandik. Markaziy Osiyo, xususan, uch qo‘shni davlatning Farg‘ona vodiysida joylashgan viloyatlari olimlari o‘rtasidagi hamkorlik hammaga birdek manfaat keltiradi.
Anjuman doirasida yosh olimlar va iste’dodli talabalarning innovatsion g‘oya va ishlanmalari ko‘rgazmalari, taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.