Ta’lim tizimidagi innovatsiyalar
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oliy ta’lim tizimiga ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oliy ta’lim tizimiga ilg‘or xorijiy tajribadan foydalangan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy simpozium bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X.Mirzohidov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari B.Usmonov va boshqalar rivojlangan oliy ta’lim tizimi mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omillardan ekanini ta’kidladi. Bugun Prezidentimiz rahnamoligida oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan o‘qitish usullarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 26-martdagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida yosh o‘qituvchilarning jahondagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarida malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 60 dan ziyod o‘qituvchi Janubiy Koreya, Hindiston, Fransiya va Germaniyadagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlarida malaka oshirdi. Malaka oshirish davomida ular o‘qitish va o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha zarur tajriba to‘pladi. Bu esa Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Masalan, bakalavrlarni o‘qitishning 15 yo‘nalishi modernizatsiya qilinib, 8 yangi yo‘nalishga aylantirildi. Komputer injiniringi, dasturiy injiniring, telekommunikatsiya texnologiyalari, televizion texnologiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi, iqtisodiyot va menejment, axborotlashtirish va kutubxonachilik, pochta aloqasi texnologiyalari yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Shuningdek, magistratura bosqichida “Elektron hukumat tizimini boshqarish” va “Elektron kutubxona va arxivlar” kabi yangi mutaxassisliklar tashkil etildi.
Simpoziumda Janubiy Koreya tajribasi asosida ta’lim va ma’muriy tizim mexanizmlarini joriy etishni me’yoriy-huquqiy tartibga solish, Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, o‘qituvchilar faoliyati va talabalarni baholash usullarini o‘rganish vazifalari ko‘rib chiqildi. Xorijiy oliy o‘quv yurtlarida malaka oshirib qaytgan o‘qituvchilarning ma’ruzalari tinglandi.