Ta’lim sifati: mas’uliyat va samara
Xorazmda maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xorazmda maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, YuNISEF tashkiloti hamkorligida “O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining oila institutini mustahkamlash masalalarini ilgari surish bo‘yicha salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti rahbarlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari mas’ul xodimlari va o‘qituvchilar ishtirok etdi.
– Jurnalist bu mavzuni yoritishdan oldin ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar, ibratli tajribalar, yangi pedtexnologiyalar, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish natijalari, bolalarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etish kabi ko‘plab masalalarga e’tibor qaratishi, aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti N.Qosimova. – Bugungi tadbirda "Materiallarning ta’sirchanligi, o‘qishliligini oshirish uchun jurnalist, eng avvalo, nimalarga e’tibor qaratishi muhim?", "Qanday janrlardan samarali foydalanish kerak?” kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etishdagi tajribalar xususida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti mutaxassislarining ma’ruzalari tinglandi.
– Ommaviy axborot vositalari, ijod ahli mamlakatimiz hayotining turli sohalaridagi muammolarni yoritishga yanada mas’uliyat bilan yondashmoqda, – deydi “Urganch oqshomi” gazetasi bosh muharriri Sotimboy Avazov. – Bunda asosan mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar hamda jamiyat ma’naviy-ma’rifiy hayotiga doir masalalarni milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan tahlil qilish, erishilgan yutuqlarni e’tirof etish bilan birga, jurnalistlarda mavjud muammolarga tanqidiy qarash mas’uliyati ham ortib bormoqda.
Ishtirokchilar mavzuga doir maqolalar, teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlash borasida tajriba almashdi. Yosh jurnalistlarga uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.