Suyultirilgan gaz bozorini takomillashtirish bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi
Mamlakatimizda aholini suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu borada xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish hamda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida viloyatda suyultirilgan gaz sotish faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Muloqotda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, sohada raqobat muhitini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan texnik-iqtisodiy va huquqiy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Mas’ullar qayd etganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz va sifatli ta’minlash, xizmatlar samaradorligini oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda bozorda narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Tadbirda Andijon viloyati misolida suyultirilgan gazni yetkazib berish va sotish tizimini bosqichma-bosqich erkin bozor tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yish, sohaga xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb etish, raqobat muhitini yanada rivojlantirish hamda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, ular faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish va amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan ham fikr almashildi.
Shundan so‘ng Energetika vaziri suyultirilgan gaz taqsimlash stansiyasiga tashrif buyurib, suyultirilgan gazni qabul qilish, saqlash va aholiga yetkazib berish jarayonlari, shuningdek, ob’ektda amalga oshirilayotgan ishlar bilan joyida tanishdi.
Tanishuv yakunida bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA