Suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qolmoqda
Butun yer yuzida suv tanqisligi muammosi yildan-yilga jiddiy tus olib bormoqda. Jahon banki ekspertlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. 2050 yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan 22 mart – Butunjahon suv resurslari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Suv resurslari va ulardan foydalanishdagi ustuvor vazifalar» mavzusidagi amaliy seminarda aytib o‘tildi.
– Suv resurslaridan oqilona foydalanish muhim masalalardan biriga aylanib bormoqda, – dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi Islom Xushvaqtov. – Shu bois mamlakatimizda «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi» hamda «O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi» qabul qilinib, suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishda, sohaga bozor tamoyillari, raqamli texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 31-maqsadida ham suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida elektr energiyasi iste’molini kamaytirish, soha ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida boshqarish bo‘yicha vazifalar belgilangan.
Suvni iqtisod qilish yuzasidan o‘tgan yilda 463,7 ming gektar, shu jumladan, 89,8 ming gektar tomchilatib, 16,2 ming gektar yomg‘irlatib va 5,7 ming gektar maydonda disket sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. 243 ming gektar ekin maydonlari lazer uskunasi yordamida tekislanib, suvdan foydalanish samaradorligi oshirilgan. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida jami 7 milliard kub metr suv tejalishiga erishilgan, – dedi deputat.
Amaliy seminarda ekolog deputatlar suvni tejash, suv tanqisligi kelib chiqishining oldini olish borasida choralar ko‘rish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi 15 yilda yog‘ingarchilik 25 foizga qisqargan. Suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmayapti. Natijada asosiy manbalardan olinadigan suvning 35-40 foizi sug‘orish tarmoqlarida yo‘qolmoqda.
Seminarda xalq vakillari suv xo‘jaligiga oid qator taklif va tavsiyalarni bildirib, sohaga oid qonunlarni takomillashtirish, ularning ijrosini nazorat-tahlil faoliyati tartibida o‘rganish bo‘yicha vazifalarni belgilab oldi.
Shuningdek, amaliy seminar qatnashchilari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Agrover» MCHJda qishloq xo‘jaligi klasteri faoliyati, unda joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalar bilan ham tanishdi.
M.Komilova,
O‘zA