Suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy asos yaratildi
Suv muammosi – hozirgi kundagi keskin ekologik muammolardan biri. Bu, nafaqat mintaqamiz, balki mamlakatimiz uchun ham o‘ta dolzarb masalalardan bo‘lib turibdi.
2025 yil 30 iyuldagi “Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun bilan ushbu sohaga oid munosabatlar takomillashtirildi.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev mazkur qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Suv – strategik resurs bo‘lib, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash, munosib hayot kechirish va insoniyat taraqqiyotining asosiy manbai hisoblanadi. Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan suv sarfi yiliga 64 milliard metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 milliard metr kubgacha kamaytirildi.

Biroq, sohada hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektarga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar tufayli ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar kuzatilmoqda.
Katta miqdordagi suv – filtratsiya, bug‘lanish hamda maqsadsiz ortiqcha sarf orqali yo‘qotilmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarida suvdan foydalanishning aksariyat eskirgan usullari va vositalari qo‘llanilmoqda. Yer osti suvlarining sifati ham, hajmi ham tobora pasayib bormoqda. Ochiq suv havzalarining ifloslanish darajasi tobora ortib, ichimlik suvidan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish amaliyoti keng tarqalib bormoqda (transport vositalarini yuvish, ekinlarni sug‘orish, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar).
Suvdan foydalanish madaniyati, suvni asrash va undan oqilona foydalanish borasida targ‘ibot ishlarining yetarli emasligi oqibatida aholi jon boshiga suv sarfi miqdori avvalgi yillarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakatimizda 7 milliard kub metr suv taqchilligi kuzatilishi hamda O‘zbekiston suv tanqis bo‘lgan 33 davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli bor.
Yurtimizda foydalanilayotgan suvning bor-yo‘g‘i
15 - 18 foizi mamlakatimiz hududlarida shakllanishini inobatga olsak, suv resurslarini boshqarish, suv siyosatini yuritish masalasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, qisqa va o‘rta muddatli choralar ko‘rish lozim.
Olib borilayotgan izchil islohotlar, ro‘y bergan tub o‘zgarishlar, yangi rivojlanish strategiyasini shakllantirishda suv munosabatlarining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini o‘zgartirish kabi omillar suvga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirdi.
Hozirgi vaqtda suv resurslarini boshqarish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlar 10 ga yaqin qonun hujjati, jumladan, Konstitutsiya, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, 20 dan ortiq qonunosti hujjati bilan tartibga solinadi.
Ushbu hujjatlar suv munosabatlarini huquqiy tartibga solishga asos bo‘lsa-da, suv qonunchiligining yagona muvofiqlashtirilgan tizimini shakllantirishni yetarli darajada ta’minlay olmaydi.
Asosiy tushunchalardan foydalanishda chalkashliklar, noaniqliklar mavjud bo‘lib, suv resurslarini boshqarish sohasidagi organlarning vakolatlari, shuningdek, tegishli vazirliklar va mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi javobgarlik aniq belgilanmagan.
Suv kodeksi suv va suvdan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Kodeks bilan suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirilgan bo‘lib, 6 bo‘lim, 29 bob va 165 moddadan iborat. Bunda, suv, suv ob’ektlari, suv xo‘jaligi ob’ektlari va suv fondi yerlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar tartibga solingan.
Suv kodeksida “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, Prezidentimizning 8 farmoni va 14 qarori hamda hukumatning 26 qaroridagi tegishli normalar birlashtirilib, yaxlit holga keltirildi.
Suv kodeksi bilan suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida mas’ul organlarning hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlariga, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritildi. Suvni yetkazib berish xizmati uchun to‘lovlar suv yetkazib berish xarajatlarini qoplashi hamda suv yetkazib beruvchining rentabelligini ta’minlashi zarurligi belgilandi.
Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari belgilab berildi. Suvdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari soddalashtirildi. Sun’iy suv havzalaridan suv olishda (bir sutkada 5 kub metrdan ko‘p bo‘lmagan) ruxsatnoma olish zarurati chiqarib tashlandi. Ekstremal suv tanqisligi va qurg‘oqchilik tushunchalari hamda sug‘orish suvini iste’molchilar orasida taqsimlashning yangi mexanizmlari belgilandi.
Suv resurslari boshqaruvini takomillashtirish, ulardan foydalanish va muhofaza qilishga doir kompleks hamda muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Bosh vazir raisligida maslahat-kengashi organi sifatida Respublika suv kengashi, shuningdek, viloyatlar va tuman hokimlari raisligida tegishlicha Havza suv kengashlari hamda Tuman suv kengashlari tashkil etiladi.
Suv fondi yerlari, shu jumladan, tabiiy suv manbalari hududlari, ya’ni, daryolar, soylar, jilg‘alar, ko‘llar, botqoqliklar va buloqlar Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy tizim tashkilotlarining balansiga o‘tkaziladi.
Suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari aniq va qat’iy belgilandi. Xususan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan suv olish inshootlarini ularning dastlabki holatiga keltirish qonun buzuvchi hisobidan amalga oshiriladi. Davlat suv kadastrini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ etib Suv xo‘jaligi vazirligi belgilandi.
Aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida Suv kodeksi qabul qilingan.
Ushbu qonun bilan suvdan oqilona foydalanish, samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy shart-sharoitlar yaratildi. Bunda, davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlariga chek qo‘yilib, suv yetkazib beruvchilar va suv iste’molchilarining mas’uliyati oshirildi. Shuningdek, suvdan foydalanishda ruxsatnoma olish tartibi soddalashtirildi.
Qonun mamlakatimizning suv xavfsizligiga erishishiga xizmat qiladi. Bunda, suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlarining va atrof-muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilashdagi ko‘plab masalalarga ijobiy yechim topiladi.
Suv xo‘jaligini uzoq muddatli rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratildi. Bunda, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish va texnologik modernizatsiya qilish rag‘batlantiriladi.
Xalqaro suv huquqi normalarini milliy suv qonunchiligiga singdirish orqali O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imiji yaxshilanadi.
Eslatib o‘tamiz, qonun 2025 yil 31 oktyabrda kuchga kiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA