Suv xo‘jaligi sohasining faol va tashabbuskor ayollari taqdirlandi
Bugun, 15-oktabr - Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Suv xo‘jaligi vazirligida “Suv xo‘jaligi sohasining ayoli - 2026: Kasbim - faxrim” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi, “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” vakillari, tizim tashkilotlari mas’ullari hamda hududlardan kelgan faol va tashabbuskor xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, sohada mehnat qilayotgan ayollarning fidoyiligi, kasbiy mahorati va tarmoq rivojiga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasbiy salohiyatini oshirish va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada suv xo‘jaligi tizimida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, vazirlik va idoralar orasida birinchilardan bo‘lib suv xo‘jaligi sohasining gender konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy mahoratini oshirish va rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda tizimda 33 ming nafardan ziyod xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning qariyb 2 ming 200 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu raqamlar ayollarning sohadagi ishtiroki va zimmalaridagi mas’uliyatli vazifalarning ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.
– Suv xo‘jaligi - sharafli, shu bilan birga, katta mas’uliyat va matonat talab etadigan soha. Kanallar, nasos stansiyalari, gidrotexnika inshootlari, dala va laboratoriyalarda, muhandislik hamda boshqaruv yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar zimmasida muhim vazifalar bor. Ayniqsa, yilning turli fasllarida, jazirama issiq va qahraton sovuqda ham aholiga suv yetkazib berish yo‘lida xizmat qilayotgan insonlarning mehnati yuksak e’tirofga loyiq.
Quvonarlisi, bugun xotin-qizlarimiz ham ushbu mas’uliyatli sohada erkaklar bilan yelkama-yelka turib, o‘z bilim va tajribasi, fidoyiligi hamda matonati bilan samarali mehnat qilmoqda. Ular nafaqat o‘z kasbining yetuk mutaxassislari, balki oilada ham muhim o‘rin tutib, farzandlar tarbiyasi va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda, – dedi vazir.

Ta’kidlash joizki, bu yilgi “Suv xo‘jaligi sohasining ayoli - 2026: Kasbim - faxrim” tanlovi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi” doirasida tashkil etildi.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan kelgan suvchi ayollar o‘zlarining kasbiy mahorati, tashabbuskorligi, ko‘p yillik tajribasi va kasbiga sadoqatini namoyon etdi. Ishtirokchilar orasidan o‘z faoliyatida alohida natijalarga erishgan, sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar tanlov g‘oliblari sifatida e’tirof etildi.
Marosim yakunida tanlov g‘oliblari taqdirlandi. Tadbir O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Matluba Dadaboyeva ijrosidagi “Sen o‘zingni asragil, ayol!” qo‘shig‘i bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA