Suv toshqini oqibatlari bartaraf etilmoqda (+video)
Joriy yilning 8 may kuni taxminan 9.30 – 10.00 larda Andijon viloyati Buloqboshi tumanidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanalining Sarvontepa mahallasi hududidagi qirg‘oqlariga shikast yetganligi natijasida suv toshqini yuz berdi.
Toshqin natijasida mahallaning kanal yaqinidagi Navro‘z, Chilustun, Suxon va Yuksalish ko‘chalaridagi ko‘plab xonadonlarga, tomorqalarga suv kirgan. Suvning sathi taxminan 70-100 santimetrga ko‘tarilgan. Ushbu ma’lumot olinishi bilan Norin-Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan kanal suvi to‘xtatilgan.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida suv toshqini tezkor shtabi tuzilib, mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi. Aholiga zarur ko‘mak ko‘rsatilib, zudlik bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlandi.
– Suv toshqini haqidagi ma’lumot olinishi bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, shuningdek, Buloqboshi va qo‘shni tumanlar bo‘limlaridan qidiruv-qutqaruv guruhlari voqea joyiga zudlik bilan yetib keldi, – deydi Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Botirjon Ashurov. – Eng avvalo, fuqarolar xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Toshqin to‘xtashi bilan nasoslar va boshqa maxsus jihozlar yordamida xonadonlarga kirgan suvlarni chiqarish ishlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, xodimlarimizdan ko‘mak so‘rab murojaat qilgan har bir fuqaro, har bir oilaga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Zarur texnika vositalari jalb etildi. Xodimlarimiz ikki kundan buyon kunu tun toshqin oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur barcha ishlarni olib bormoqda.
Ayni paytda Sarvontepa mahallasidagi 876 ta xonadonda 4 ming 900 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hozirgacha 200 ga yaqin xonadon o‘rganib chiqilib, toshqin yetkazgan talafot miqdori aniqlandi, fuqarolarga ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun pullar berilmoqda.
[gallery-23276]
– Tabiiy ofatni bartaraf etish bo‘yicha mahallamizda viloyat hokimi boshchiligida Suv toshqini tezkor shtabi tuzildi, – deydi “Sarvontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ravshanbek Umrzoqov. – Favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, milliy gvardiya, sog‘liqni saqlash, yo‘l qurilish, elektr energiyasi ta’minoti va boshqa mas’ul idoralar vakillari tomonidan toshqin oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Ishchi guruhlar tuzilib, har bir xonadon ko‘rgan zarar va talafotlar o‘rganib chiqilmoqda. Hozirgacha 170 dan ziyod xonadon egalariga zararlarni qoplash uchun yordam pullari berildi. Hech kim norozi bo‘layotgani yo‘q. O‘rganish ishlari yana davom etmoqda.
Kutilmagan tabiiy ofat mahalla ahlini, barcha andijonliklarni tashvishga soldi. Lekin tezkor ko‘rilgan choralar, hamjihatlikda olib borilgan ishlar natijasida hayot asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda.
– Suv toshqini odamlarni ancha tahlikaga soldi, – deydi mahallaning Navro‘z ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Bahodirjon Yulchiyev. – Ekinlarimiz suv ostida qoldi, guvala, xom g‘ishtdan bo‘lgan, xonadonlar atrofi o‘ralgan ayrim devorlar, molxonalar quladi.
Hukumatimizga, Prezidentimizga, hokimlarimizga rahmat. Toshqin sabab ko‘cha, xonadonlar ichi va tomorqalarga to‘planib qolgan loyqalar yig‘ishtirilishiga ko‘maklashilmoqda. Ko‘rilgan zararlarimiz qoplab berilmoqda. Masalan, shaxsan mening xonadonim o‘rganilib, ko‘rilgan zararlarni qoplash uchun 11 million so‘m miqdorida pul berildi.
Ushbu ofat mahallamizni ancha tashvishga qo‘ydi. Lekin hamjihatlik, qolaversa, ko‘rsatilayotgan yordamlar bilan tashvishlarni, yuzaga kelgan qiyinchiliklarni, albatta yengib o‘tamiz.
Tuzilgan Ishchi guruhlar tomonidan xonadonlar o‘rganib chiqilib ko‘rilgan zararlar to‘la qoplab berilmoqda. Masalan, Navro‘z ko‘chasida yashovchi Zarifaxon Xayitovaga xonadonida ko‘rilgan zararni qoplash uchun 15 million so‘m, Nasibaxon Jalilovaga 14,5 million so‘m miqdorida yordam pullari berildi. Hozirga qadar 170 dan ortiq xonadon sohiblari turli miqdordagi yordam pullarini oldi. Xonadonlarni o‘rganish jarayoni davom etmoqda.
Tabiiy ofat yuz bergan kundan boshlab tibbiyot xodimlari xam mahalla ahliga yaqindan ko‘mak berib kelmoqda.
– Tabiiy ofat yuz bergan kuni Buloqboshi va qo‘shni tumanlar tez tibbiy markazlarining bir nechta tez tibbiy yordam mashinalari voqea joyiga yetib kelgan, – deydi tuman tez tibbiy yordam markazi shifokori Jasurbek Xalimjonov. – Stress holatga tushib qolgan fuqarolarga zudlik bilan yordam ko‘rsatildi. Mana ikki kundan buyon shu yerda navbatchilik tashkil etilib, shifokorlar, o‘rta tibbiyot xodimlari ish olib bormoqda.
Bugun mutasaddi tashkilotlar mutaxassis va xodimlari tomonidan mahalla hududidagi loyqaga to‘lgan ariq hamda zovurlarni tozalash, xonadonlarning buzilib ketgan atrof devorlarini tiklash, tomorqalarni loyqadan tozalash ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
Suv bosgan Navro‘z ko‘chasining asosiy qismiga asfalt yotqizildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ko‘chaning qolgan qismi va boshqa ko‘chalar ham to‘la asfaltlanadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida ko‘chalardagi yog‘och ustunlar temir-betonli ustunlarga almashtirilmoqda.
– Hozirga qadar Navro‘z ko‘chasida 40 ga yaqin elektr liniyasi ustunlari yangisiga almashtirildi, – deydi Buloqboshi tumani elekt tarmoqlari korxonasi ustasi Ashurali Erqulov. – Ustunlar to‘la yangilanadi, yangi elektr tarmog‘i tortiladi.
Bugun toshqindan aziyat chekkan aholini qo‘llash, ularga ko‘maklashish, suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida ko‘plab tuman, viloyat tashkilotlari, ko‘ngilli hasharchilar mahallada ish olib bormoqda, zarur texnika vositalari jalb etilgan. Ular uchun shu yerning o‘zida issiq ovqatlar tayyorlab berilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, olib borilayotgan ishlar natijasida qisqa kunlarda toshqin oqibatlari to‘la bartaraf etiladi, mahalla infratuzilmasi yanada yaxshilanadi, mahalladagi tinch va osuda hayot o‘z iziga tushadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/waeH2aJGopc" title="Suv toshqini oqibatlari bartaraf etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.