Suv tejovchi texnologiyalarga talab ortmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida Prezidentimizning 2020 yil 11 dekabrdagi «Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon o‘z navbatida, suv tejovchi texnologiyalar, ya’ni shlanglar va markaziy quvurlar hamda butlovchi qismlarga bo‘lgan talabni oshiradi. Orolbo‘yi mintaqasida yaqin vaqtlargacha bu texnologiyalarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagani hudud fermerlariga biroz qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.
[gallery-2441]
Joriy yilning ilk kunlarida Nukus shahrida «Arkavoy meliorator» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tomchilatib sug‘orish lentalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib bu yo‘nalishda bir nechta korxona faoliyat yuritmoqda.
Shunday korxonalardan biri “Nukus Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyatida diametri 12 mm dan 630 mm gacha bo‘lgan polietilen suv quvurlari ishlab chiqarilmoqda. Suv tejovchi texnologiyalarda ko‘p qo‘llaniladigan 12 mm va 20 mm bo‘lgan shlang va lentalarga ayni paytda buyurtmachilar talabi yuqori.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA