Suv tejalsa, hosil ko‘payadi
Prezident qarori ijrosi amalda
Jizzax viloyati Zafarobod tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga qaratilgan izchil ishlar amaliy natijalar bermoqda. Ayniqsa, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va mavjud irrigatsiya tarmoqlarini takomillashtirish orqali yer va suvdan unumli foydalanishga erishilmoqda.

Tumandagi Y. Oxunboboyev nomidagi fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasi tarkibidagi “Baxmal” fermer xo‘jaligida g‘alla ekin maydonlarining 15 gektarida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Ushbu zamonaviy texnologiya suv resurslarini tejash barobarida, ekinlarning barqaror o‘sishi va hosildorlikning oshishiga xizmat qilmoqda. Mutaxassislar qayd etishicha, bunday usullar an’anaviy ariq orqali sug‘orishga nisbatan suv sarfini o‘rtacha 30–40 foizgacha kamaytiradi, tuproqdagi namlik muvozanatini saqlaydi hamda yer unumdorligini oshiradi.

Eng muhimi, mazkur tajriba boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ham amaliy namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa hududda suv tejovchi texnologiyalar qamrovini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, suv yo‘qotilishining oldini olishga qaratilgan infratuzilmaviy ishlar ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Zafarobod tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tomonidan “YUR-27b” kanalida rekonstruksiya va betonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Uzunligi 4,3 kilometr bo‘lgan ushbu kanal to‘liq ta’mirlangach, “Tinchlik” va “Hojiahmedov” fermer xo‘jaliklari hududidagi 1094 gektar ekin maydoni kafolatli suv bilan ta’minlanadi. Betonlashtirish ishlariga zamonaviy texnika va malakali mutaxassislar jalb qilingani ishlarning sifatli va qisqa muddatlarda bajarilishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur sa’y-harakatlar mamlakatimizda suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha qabul qilingan muhim hujjatlar ijrosining amaliy ifodasidir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Mazkur hujjat ijrosi doirasida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv tanqisligi muammosi tobora dolzarblashib bormoqda. Shu bois yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish kabi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish, kanallarni betonlashtirish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish, suv hisobini raqamlashtirish kabi choralar kelgusida qishloq xo‘jaligining barqarorligini ta’minlaydi.
Zafarobod tumanida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar suvni tejash orqali hosildorlikni oshirish mumkinligini amalda namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri