Suv tanqisligi va cho‘llanishga qanday yechim topilmoqda?
Sun’iy intellekt yordamida suv ifloslanishini aniqlash, cho‘llanishni oldindan bashorat qilish, hatto tuproq sho‘rlanishini avtomatik kuzatish mumkinmi? Toshkent Botanika bog‘ida yosh olimlar va startap jamoalari ana shu savollarga yechim izlamoqda.
Shu bilan birga, «Formula — 2026» ilm-fan festivalida tashrif buyuruvchilar kimyoviy tajribalarni kuzatish, mikroskop orqali tirik organizmlarni o‘rganish, teleskop yordamida Quyoshni kuzatish va ilmiy jumboqlarni yechishda qatnashmoqda.

Festival maqsadi — ilm-fanni oddiy va qiziqarli tarzda namoyish etish, yoshlarni izlanishga undash hamda ilmiy g‘oyalarni amaliy yechimlarga aylantirishga ko‘maklashishdan iborat.
Xo‘sh, yoshlarning ilmiy g‘oyalari O‘zbekiston duch kelayotgan ekologik muammolarni hal etishga qanchalik yaqin?

Festivalning yana bir muhim yo‘nalishi — ekologik muammolarga amaliy yechim topishdan iborat. «Yashil yechim» xakatonida yosh olimlar, talabalar va startap jamoalari toza suv, cho‘llanish hamda ekologik muammolarni sun’iy intellekt yordamida hal etish bo‘yicha o‘z loyihalarini ilgari surmoqda.
Xususan, suvni samarali tozalash va qayta ishlatish, tuproq sho‘rlanishini aniqlash, qurib borayotgan yerlarni tiklash hamda ekologik xavflarni oldindan prognozlashga qaratilgan texnologik takliflar ko‘rib chiqilmoqda.

Festivalning asosiy maqsadi — ilm-fanni laboratoriyalar doirasidan chiqarib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazish. Shu bilan birga, ilmiy g‘oyalarni kundalik hayotda qo‘llash mumkin bo‘lgan yechimlarga aylantirishga e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda turli ilmiy yo‘nalishlar namoyish etilib, ishtirokchilar olimlar bilan bevosita muloqot qilish, tajribalar o‘tkazish va o‘z bilimlarini sinash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Shu tariqa bugungi ilmiy izlanishlar ertangi kunimiz ekologik, texnologik va ijtimoiy muammolariga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohichehra Eshmirzayeva, Nishonboy Abduvoitov (video), Ulug‘bek To‘xtayev (surat), O‘zA