Suv ta’minotida muammo bo‘lmaydi
“Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati ichimlik suvi ishlab chiqarish va uni aholiga yetkazib berish faoliyati bilan jurnalist va blogerlarni yaqindan tanishtirish maqsadida media-tur tashkil etdi.
Xabaringiz bo‘lsa, viloyat hokimi yaqinda barcha tashkilot rahbarlariga ommaviy axborot vositalari vakillari uchun yil yakunlari va kelgusi yilgi rejalar yuzasidan matbuot anjumanlari tashkil qilish vazifasini yuklagan edi. “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati buni birinchilardan bo‘lib boshlab berdi va media-tur ishtirokchilarining dastlabki manzili Shahrisabz-Qarshi suv ishlab chiqarish bo‘limi bo‘ldi.
Mazkur bo‘limda 9 ta suv inshooti mavjud bo‘lib, ular jami 162 ta quduqdan suv oladi va umumiy uzunligi 463 kilometr bo‘lgan bosh suv quvurlari orqali viloyatimizning Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi, Qamashi, G‘uzor, Qarshi, Koson tumanlarini qisman, Qarshi va Muborak shaharlarini to‘liq ichimlik suvi bilan ta’minlaydi.

Keyingi yillarda sohaga e’tiborning oshib borayotgani natijasida ko‘p yillar mobaynida yig‘ilib qolgan muammolar hal etilmoqda va zamonaviy texnologiyalar joriy qilinayapti. Jumladan, 4 ta suv yig‘ish inshooti va 10 kilometr bosh quvurlar rekonstruksiya qilindi. 38 ta zamonaviy nasos agregatlari hamda turli quvvatli transformatorlar o‘rnatildi. Buning natijasida elektr energiyasi sarfini 11 foizga kamaytirish hamda ichimlik suvi ishlab chiqarishni 6 foizga ko‘paytirishga erishildi.
Biroq sohada hali yechimini kutayotgan muammolar bisyor. Bo‘limda mutaxassis kadrlar yetishmaydi. Buning asosiy sababi – xodimlarning oylik o‘rtacha ish xaqi 798 ming so‘mni tashkil etadi. Suv ishlab chiqarish va uzatish quvurlarining kattagina qismi ma’nan eskirgan. Inshootlarning energetika tizimidagi muammolar asosan elektr ta’minotidagi uzilishlar, kuchlanishlarning me’yorda bo‘lmasligi bilan bog‘liq bo‘lib, bu nasoslarning va elektr uskunalarning muddatidan oldin ishdan chiqishiga olib kelmoqda.

Mediaturda jurnalist va blogerlar bu kabi muammolarni bartaraf etish maqsadida “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Navbatdagi manzil “Qashqadaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati Shahrisabz shahar bo‘limining "Markaziy suv yig‘ish va uzatish" inshootida bo‘ldi. Ma’sullar inshootda yangidan o‘rnatilgan aqlli nasoslarning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Media-tur ishtirokchilari shu ikki ob’ekt misolida aholiga ichimlik suvi yetkazib berishdagi yutuqlar, soha mutaxassislarining muammolari, biz “suvtekin”ga xarid qilayotgan ichimlik suvini ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi mashaqqatlar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘.BAROTOV, O‘zA