Suv ta’minoti sohasi mutaxassislari Seulda malaka oshirmoqda
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi bugungi kunda dunyo mamlakatlari oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish soha samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati xodimlari Koreya Respublikasida tashkil etilgan nufuzli xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Dastur Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) taklifi asosida Seul universiteti tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan uch yillik salohiyatni oshirish loyihasining yakuniy bosqichini tashkil etadi.

Mazkur o‘quv kursi “O‘zsuvta’minot” AJ va uning hududiy tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan rahbar hamda yetakchi texnik mutaxassislarning ichimlik suvi ta’minotini barqaror boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Dasturning birinchi kuni ishtirokchilarga Koreya Respublikasining madaniyati, iqtisodiyoti, milliy qadriyatlari va texnologik taraqqiyoti haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Bu esa tinglovchilarga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tajribasini hamda suv xo‘jaligi sohasidagi yutuqlarini chuqurroq anglash imkonini beradi.

Ochilish marosimida Seul universiteti professori doktor Seung Bom So so‘zga chiqib, dasturning ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston suv ta’minoti tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarga yechim topishda Koreyaning ko‘p yillik tajribasi, ilmiy yondashuvlari va amaliy bilimlarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar hamda professor-o‘qituvchilar o‘zaro tanishtirildi, Seul universitetining faoliyati va infratuzilmasi haqida taqdimot o‘tkazildi. Tinglovchilar ikki haftalik intensiv o‘quv dasturi mazmuni bilan ham batafsil tanishtirildi.
Dastur doirasida Seul shahri suv boshqaruvi tizimi misolida aqlli boshqaruv modellarini joriy etish, suv omborlarini samarali boshqarish, sohada loyihalarni amalga oshirishda xarajatlar va muvaffaqiyat omillarini tahlil qilish, shuningdek, suv ta’minoti tizimida aktivlarni boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar Koreya Respublikasining sohaga ixtisoslashgan yetakchi muassasalari va muhim infratuzilma ob’ektlariga tashrif buyurib, zamonaviy boshqaruv tajribasi hamda innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘quv dasturining birinchi kuni yakunida tinglovchilar uchun Seul universitetiga ekskursiya tashkil etildi. Unda qatnashchilar universitetning ilmiy salohiyati, ta’lim jarayoni va tadqiqot muhiti bilan yaqindan tanishdi.
Nilufar Bozorova, O‘zA