Suv sarfida Markaziy Osiyo davlatlari nega yetakchilar qatorida?
Bugungi kunda suv resurslari insoniyat oldidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Aholi sonining ortishi, qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarining kengayishi suvga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda. Shu bois, dunyo mamlakatlarida suvdan foydalanish ko‘rsatkichlari muntazam tahlil qilinmoqda.
Xalqaro ochiq manbalar, xususan, "FAO AQUASTAT" va "Worldometer" ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga dunyo bo‘yicha suv iste’moli yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan. Ayniqsa, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan kunlik suv sarfi bo‘yicha ayrim davlatlar alohida ajralib turibdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 177 ta mamlakat orasida Turkmaniston yetakchilik qilmoqda. Bu esa mazkur davlatda suv resurslaridan foydalanish hajmi ancha yuqori ekanini anglatadi.
O‘zbekiston esa ushbu reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Mamlakatimizda bir kishi hissasiga kuniga o‘rtacha 4 754 litr suv to‘g‘ri keladi. Yillik umumiy suv iste’moli esa 54,5 milliard kub metrga yetadi.

Umuman olganda, mazkur reytingda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi o‘rinlarni egallashi alohida e’tiborga molik. Bu holat, bir tomondan, qishloq xo‘jaligida suvdan keng foydalanish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mavjud sug‘orish tizimlarining samaradorligi yetarli darajada emasligi bilan izohlanadi.
Mutaxassislar fikricha, agar suv resurslaridan oqilona va tejamkor foydalanish choralari kuchaytirilmasa, kelgusida mintaqada suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun ham bugungi kunda suvni tejash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA