Surxonning qaddi baland dorbozlari
FOTOREPORTAJ
Bugungi qahramonimiz yerdan balandda, misoli kiprikdek ko‘rinadigan dor ustida yurib, yugurib, akrobatik mashqlarni bajarib, elni xushnud etib kelayotgan usta-dorboz Alisher Qodirov. Ustani Surxondaryo vohasida tanimagan yoinki san’atidan bahramand bo‘lmagan kishi bo‘lmasa kerak.
O‘qituvchi oilasida tug‘ilib voyaga yetgan qahramonimizning maqsadi avvaliga ustoz-murabbiy bo‘lish edi. Biroq to‘ylarning birida usta-dorbozlar Jo‘raxo‘ja va Ergashxo‘ja Norxo‘jayevlarning tosh ko‘tarib, tuya-yu otlarni dast ko‘tarib, mahorat bilan tomosha ko‘rsatayotganini ko‘rib, yuragiga bir o‘chmas alanga kirdi. Dorbozlarga shogird tushib, san’at sirlarini egalladi. Ham o‘qituvchilik, ham dorbozlik qila boshladi. Jismoniy tarbiyadan saboq bergani esa dorbozlik o‘yinlarida qo‘l keldi. Chapdastlik, chayirlik kasbiga xos edi-da. Ayni vaqtda qahramonimiz Termiz shahridagi 1-Madaniyat markazida ham faoliyat yuritadi.
Usta-dorboz 2014 yilda “Surxon dorbozlari” oilaviy jamoasini tuzdi. Ushbu jamoa Surxondaryo viloyatining milliy dorbozlar jamoasi bo‘lib, ular o‘zining noyob tomoshalari bilan mashhur. Ushbu jamoa xalqimizning qadimiy urf-odatlarini saqlab qolish va yosh avlodga yetkazish maqsadida faoliyat yuritadi.
[gallery-23141]
2020 yilda “Surxon dorbozlari” O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan “Surxon xalq havaskor dorbozlari jamoasi” unvoni bilan taqdirlangan. 2024 yilda jamoa “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida “Eng noyob xalq tomoshasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, “Surxonim mard o‘g‘lonlari” milliy dorbozchilar jamoasida “Milliy urf-odatlarning eng yaxshi talqini” nominatsiyasi bilan mukofotlandi.
Jamoa o‘z tomoshalarida dorbozlik san’ati, masxarabozlik, gipnoz va telepatiya kabi elementlarni namoyish etadi. Ular tomoshabinlarni hayratga soladigan tomoshalar bilan tanilgan.
Balandligi 5 metrni tashkil etuvchi dor kichik, 12 metr balandlikdagisi esa katta dor sanalar ekan. Kichik dorning eni 5 santimetr bo‘lsa, katta dor uchun 12 millimetrlik arqon standart qilib belgilangan. Kichik dorda hech qanday himoya kamarlarisiz, katta dorda esa xavfsizlikni ta’minlash maqsadida dorbozning bel qismidan maxsus himoya kamarlari taqiladi.
– Shu kungacha dor o‘ynab, biror marta muvaffaqiyatsiz namoyishga duch kelmaganim kasbimni nihoyatda sevishim, tinimsiz mashqlar qilib, har bir tomoshaga puxta tayyorgarlik ko‘rishimdan, - deydi Alisher Qodirov. – Dor ustida yurish kishidan chaqqonlikni talab etadi. Ba’zan arzimagan xatoga yo‘l qo‘yib, rolimdan adashib ketsam ham buni tomoshabinga bildirmaslikga urinaman, harakatlarim bilan uni darhol to‘g‘rilab ketaman. Chunki sizga qiziqish bildirgan, go‘zal san’atni tomosha qilishga kelgan tomoshabinga nomukammal ijroni taqdim etish qadriyatlarimizga, muxlislarga nisbatan hurmatsizlik, deb bilaman.
Aytish kerakki, milliy dorbozlik juda murakkab, o‘z navbatida eng noyob va jozibador san’at turidir. Turli bayramlarda, festivallarda ushbu davraga ko‘tarinki ruh bag‘ishlashi bilan qadrlanadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA