Surxonlik bolajonlar uchun kitoblar sovg‘a qilindi
Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxon bolalar” va “Dunyo daholari” ruknida chop etilgan o‘n turdagi jahon hamda o‘zbek adabiyoti namunalari, xalq ertaklari jamlangan kitoblar taqdimotini o‘tkazdi.
Tabdirda jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, axborot-kutubxona markazlari mutaxassislari, ixtisoslashtirilgan maktablar mutaxassislari, yosh kitobxonlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Beshta muhim tashabbusning to‘rtinchisida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish ilgari surilgan. Zero, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalashda kitobning alohida o‘rni bor.
[gallery-20561]
Bu tashabbusni ro‘yobga chiqarishga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Uyushma Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining ijtimoiy buyurtmalarni taqdim etish tanlovida qatnashib, “Aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish” loyihasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgach, bu yo‘nalishdagi ishlar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Loyiha doirasida bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan o‘n nomdagi o‘zbek va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini nashrga tayyorlash, chop etish, audio shakllarini yaratish, ularni davlat buyurtmachisi bilan kelishib, axborot-kutubxona muassasalariga beg‘araz taqdim etish yo‘lga qo‘yildi.
Uyushma mas’ullarining aytishicha, joriy yilda nashr etilishi rejalashtirilgan adabiyotlar ro‘yxati tasdiqlangach, ularni chop etish uchun nashriyotlar bilan shartnoma tuzildi.
Ayni paytda “ASAXIY BOOKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosmaxonasida “Kitobxon bolalar” rukni ostida chop etilgan “Shalola”, “Oq qovunning bolasi”, “Uchar hammom”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qo‘lidan tutib” nomli kitoblar “O‘zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasida, “Dunyo daholari” turkumidagi “Stiv Jobs – kompyuterga jon bergan odam”, “Muhammad Ali – barcha davrlarning buyuk bokschisi”, “Leonardo da Vinchi – zamonasidan ilgarilab ketgan aql sohibi”, “Motsart – musiqa dahosi”, “Albert Eynshteyn – serqirra daho” nomli kitoblar beg‘araz yetkazib berilmoqda.
Bolajonlar uchun eng noyob sovg‘aga aylanayotgan bu kitoblarni mutolaa qilsangiz, ulardagi hikoya, ertak va she’rlar yosh avlod ma’naviyatini oshirishga ko‘maklashishidan beixtiyor quvonasiz. Ularning turfa rasmlar bilan boyitilgani, e’tiborni o‘ziga jalb eta oladigan ajoyib dizayn va yorqin qiyofada chop etilgani kitobsevar bolajonlarning qiziqishlarini yanada oshirishiga ishonch hosil qilasiz.
Tadbir yakunida o‘n nomdagi mazkur kitoblar jamlanmalari viloyatdagi axborot-kutubxona markazlari, Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga tuhfa qilindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
Jonibek Qo‘zimurodov (Foto)
O‘zA muxbirlari