Surxondaryoliklar Navro‘zni ulug‘lamoqda
Surxondaryo viloyati aholisi va mehmonlari Navro‘z bayramini keng nishonlamoqda.
Termiz tumanidagi Otchopar majmuasida tuman, shahar va tashkilot, muassasalarning qo‘rg‘oni barpo etilib, qadimiy o‘tovlar o‘rnatilgan. Har bir qo‘rg‘on hududning milliy qadriyatlariga mos bezatilib, boy tarixi, madaniyati, noyob urf-odatlarini keng namoyon etgan. Erishilayotgan yutuqlar aks ettirilgan.

“Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” shiori ostidagi umumxalq sayliga erta tongdan oshiqqan voha ahliga bayram tarovati o‘zgacha quvonch, shukuh va bahoriy bayram kayfiyatini ulashdi.
Xalqimiz ming yillardan buyon keng nishonlab kelayotgan do‘stlik, hamjihatlik, mehr-saxovat, bunyodkorlik, hamjihatlik, o‘yg‘onish bayramida qo‘shni Tojikiston Respublikasidan tashrif buyurgan bir guruh mehmonlar ham ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov voha ahli va mehmonlarni Navro‘zi olam bilan samimiy tabriklab, bu shodiyona o‘zida mujassam etgan yuksak g‘oyalar ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi. Yangi O‘zbekistonda obod va farovon, erkin va kuchli demokratik jamiyat barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek ezgu maqsadlarni amalga oshirishda o‘tmishdan xalqimiz ardoqlab kelgan Navro‘zi olam ham ma’naviy kuch-quvvat berayotganini ta’kidladi.

–Navro‘z azaldan dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka ramzi bo‘lib kelgan, – dedi To‘ra Bobolov. – O‘tmishdagi ajdodlarimiz ayni shu pallada yaxshi niyatlar bilan dasturxonlari to‘kinligi, el farovonligi uchun yerga baraka urug‘ini sochgan. Bugun ham qalbi qaynoq dehqonlarimiz buyuk ajdodlarimiz an’anasini davom ettirib, yorug‘ niyatlar bilan yerdan, o‘z tomorqasidan rizq-nasiba, qo‘shimcha daromad topishga astoydil harakat qilmoqda.


Hududlardagi bo‘sh turgan yerlarga mevali-manzarali daraxt va gul ko‘chatlarini ekib, yashil maydonlar barpo etmoqda. Obi-tobiga kelgan maydonlarga turli ziroatlarning baraka urug‘ini sepmoqda. Xalqimiz ming yillardan buyon nishonlab kelayotgan ulug‘ ayyom arafasida Navro‘zi olam barchamizning ishimizga baraka, yangi bosqichda rivojlanayotgan Yangi O‘zbekistonimizga tinchlik-totuvlik, xonadonlarga fayz, ko‘p millatli xalqimizga obod va farovon turmush olib kelsin.


Sharqona yangi yil munosabati bilan tashkil etilgan umumxalq saylining tantanali ochilish marosimida shuningdek, viloyatda o‘tgan yili erishilgan yutuqlar va galdagi vazifalar ham lo‘nda tahlil qilindi.
Qayd etildiki, o‘tgan yili viloyatning investitsiya dasturi doirasida 66 ta umumta’lim maktabi, 35 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, beshta tibbiyot muassasasi yangidan bunyod etildi. Ming kilometrdan ziyod ichki yo‘l kapital ta’mirlandi. Mingta uy-joy barpo etilib, 3 ming 700 ga yaqin oila barcha sharoitlarga ega zamonaviy yangi uylarga ko‘chib o‘tdi. Yangi sanoat korxonalari, xizmat ko‘rsatish nuqtalari ishga tushirildi. Qishloq xo‘jaligida ham salmoqli natijalarga erishildi.


Viloyatdagi yangilanish va o‘zgarishlar joriy yilda izchillik bilan davom ettirilib, 3 ming 390 ta yangi turar-joy va 61 ta boshqa ijtimoiy soha obektlari bunyod etiladi. Qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda zamonaviy korxonalar barpo etiladi. Xususan, 745 ta yangi loyihaning ishga tushirilishi evaziga 13 mingdan ortiq xotin-qiz va yoshlarning bandligi ta’minlanadi.


Xalq saylida teatrlashtirilgan bayram tomoshalari, poytaxtdan kelgan mashhur san’atkorlar va vohaning folklor ansamblari, el suygan baxshilarining qiziqarlari dasturlari namoyish etilmoqda. Turli xalq o‘yinlari ko‘ngillarga bir olam quvonch ulashayotir. Mamlakatimizning turli hududlari va viloyat tumanlaridan kelgan uch yuzdan ortiq polvon 250 million so‘mlik sovrin jamg‘armasiga ega kurash musobaqasida turli vazn toifasida o‘zaro kuch sinashmoqda. Ana shu mablag‘ning 100 million so‘mi bosh sovrin uchun ajratilgan.
Otchoparda milliy qadriyatlarimiz keng tarannum etilayotgan bayram tadbirlari va kurash musobaqasi qizg‘in davom etmoqda.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri