Surxondaryolik shifokorlar sharaflandi
Termiz shahridagi “Muhtasham” tantanalar saroyida tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Prezidentimizning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar aholining barcha qatlami, shu jumladan, uzoq qishloq odamlariga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu maqsadda so‘nggi yillarda sohani yangi bosqichda rivojlantirishga qaratilgan yuzdan ortiq huquqiy-normativ hujjat qabul qilindi.


Tizimda yuz berayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar Surxondaryo viloyatida ham yaqqol ko‘zga tashlanib, odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Xususan, vohada muhim muammoga aylangan malakali kadrlar masalasini hal etish uchun Termiz shahrida Tibbiyot akademiyasining filiali tashkil etildi. Tibbiyot muassasalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, yangi tibbiyot muassasalarini barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirib, aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga e’tibor kuchaytirildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 15 dan ortiq oilaviy shifokorlik punkti, poliklinika, olis va chekka hududlarda 60 dan ziyod mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib,birlamchi tibbiy xizmatga qo‘shimcha yana 200 mingga yaqin aholini qamrab olish imkoniyati yaratildi. Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari barpo etilishi hisobiga 84 mingga yaqin bemor shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi yashayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


–Sohaga qaratilayotgan yuksak e’tibor poytaxtdan olisdagi vohamiz aholisi uchun ko‘plab yangi qulayliklarni yaratmoqda,–deydi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvohidov.–Bunga yurak, buyrak kasalliklari bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotlari hududning o‘zida bajarilayotgani ham yaqqol dalildir. Vaholanki, bundan besh-olti yil muqaddam shu kasalliklarga chalingan bemorlar mamlakatimiz poytaxti yoki xorijda davolanishga majbur edi. Kasalliklarni erta aniqlab, davolash uchun respublikamizdagi eng yuqori malakali shifokorlar, olim va mutaxassislar bevosita hududlarga kelib, tibbiy ko‘riklar tashkil etishi hamda og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarning salomatligini tiklashga ko‘maklashishi ham ajoyib an’anaga aylandi. Bu yil ham joylarda o‘tkazilgan salomatlik aksiyalarida 7 ming kishi ambulator va 2,5 ming kishi statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, salomatligimiz posbonlari bayrami munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan fidoyi xodimlar safida uch nafar surxondaryolik ham bor.
Tadbirda viloyat hokimi ularga davlat mukofotlari va viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alarini tantanali topshirdi.
–Kamtarona xizmatlarim davlatimizning yuksak mukofotiga loyiq ko‘rilganidan boshim osmonga yetgudek bo‘ldi,–deydi Sariosiyo tumanidagi “Guliston” oilaviy shifokorlik punktining “Karsh” tog‘li hududi patronaj feldsheri, “Do‘stlik” ordeni sohibi Ahmad Berdinev.– Bu mukofot meni xalqimizga yanada sifatli xizmat ko‘rsatib, yoshu keksaning salomatligini tunu kun muhofaza qilishga undaydi. Qishlog‘imiz tuman markazidan 80 kilometr olisda, tog‘lar qo‘ynida joylashgan. Yuz xonadonda 480 kishi yashaydi. Tibbiy punktimizda birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Buning uchun ham davlatimizdan behad minnatdormiz.


Tantanali tadbirda tizimda alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh tibbiyot xodimlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri